Toshkent Turon sporti bo‘yicha tarixiy Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
2025-yil 15-iyulda AQSHning Nyu York shahrida asos solingan Xalqaro Turon federatsiyasi (International Turon Federation) qisqa muddatda jahon miqyosida tobora ommalashmoqda. Tarixi ming yillarga borib taqaladigan milliy sport turimiz bugungi kunda Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asidagi 20dan ortiq davlatda o‘z bo‘limlarini ochdi.
Xalqaro Turon federatsiyasi ushbu sport turi ommaviyligini yanada oshirish maqsadida birinchi Jahon chempionatini o‘tkazishga qaror qildi. O‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan mazkur musobaqaga Turon sportining vatani O‘zbekiston, yanada anig‘i Toshkent shahri mezbonlik qiladi.
Bu haqida Xalqaro Turon federatsiyasi Jamoatchilik bilan aloqalar va media bilan ishlash masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Otabek Eshmamatov o‘zining telegram sahfasida e’lon qildi.
Tarixiy musobaqa U-15, U-17 hamda U-19 yosh toifalarida o‘tkazilib, unda o‘g‘il bolalar 11ta, qizlar esa 10ta vazn toifasida o‘zaro bellashadi. Shuningdek birinchi Jahon chempionatida ishtirokchilar erkin mashq yo‘nalishida ham o‘z mahoratini namoyish etishlari mumkin.
Ilk marotaba tashkil etiladigan Jahon chnmpionatida AQSH, Kanada, Meksika, Venesuela, Boliviya, Chili, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Polsha, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari hamda mezbon O‘zbekiston kabi jami 20dan ortiq davlatdan 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Jahon chempionati bahslari joriy yil 1-5-iyun kunlari Toshkentdagi JAR sport majmuasida tashkil etiladi.
O‘zA