Toshkent shahrida narkolaboratoriya fosh qilindi
Mamlakatimizdagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, poytaxtimizning Sergeli tumanida narkolaboratoriya fosh etildi.
Xususan, Toshkent viloyatining Chinoz tumanida yashovchi, 2003 y.t. shaxs ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonni ijaraga olib, narkolaboratoriya tashkil etgan.
Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan umumiy qiymati 4,5 mld so‘mga teng bo‘lgan 3,5 kg “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi, 20 litr suyuq va 25 kg kukun ko‘rinishidagi prekursorlar, shuningdek, ularni tayyorlash va qadoqlashda foydalaniladigan anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, narkolaboratoriyada kimyogar bo‘lib ishlovchi yana bir chinozlik fuqaro ham ushlandi.
Aniqlanishicha, mazkur shaxslar dastlab “Telegram” messenjeri orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘konda “kladmen” sifatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanishgan.
Keyinchalik esa jinoiy guruh rahbarlarining ishonchiga kirib, bevosita ajal og‘usini tayyorlashga jalb etilishgan.
Holat yuzasidan narkosavdogarlarga nisbatan DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.