Toshkent migratsiya forumi xalqaro miqyosda muhim ahamiyat kasb etmoqda
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Migratsiya buyicha xalkaro tashkilot (IOM) hamkorligida “Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish” mavzusidagi birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Bugungi globallashuv jarayonida migratsiya masalasi dunyo davlatlari oldidagi muhim mavzulardan biriga aylandi. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi, migrantlar huquqini himoya qilish, xavfsiz va qonuniy migratsiya tizimini rivojlantirish masalalari xalqaro hamkorlikni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkent xalqaro migratsiya forumi xalqaro miqyosda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Asosiy maqsadi Markaziy Osiyo va boshqa davlatlar bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiyani ta’minlashdan iborat mazkur forum xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani rivojlantirish maqsadida dunyoning 40 dan ortiq davlati vakillari – 600 ga yaqin ishtirokchini bir maydonga jamladi.
Tadbir ochilishida Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bosh direktori Emi Poupning forum ishtirokchilariga videomurojaati namoyish etildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev mamlakatimizda professional ta’lim, til o‘qitish, kasbga tayyorlash va tartibli mehnat migratsiyasi tizimini rivojlantirish, fuqarolarimiz dunyoning qayerida bo‘lmasin, mehnati, bilimi va mas’uliyati bilan qadr topishini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
[gallery-29478]
Xalqaro migratsiya tashkiloti 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 304 millionga yaqin xalqaro migrant mavjud. Shundan 168 millioni mehnat migrantlari. Ular jahon mehnat bozori va iqtisodiy o‘sishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Migrantlar oilalariga qariyb 905 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazmalari yo‘naltirilgan.
Forum doirasida hukumatlar, BMT tuzilmalari, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan qonuniy migratsiya yo‘llarini kengaytirish, jarayonni tartibli tashkil qilish tamoyilini ilgari surish, migrantlar huquqini ta’minlash, shuningdek ayni yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga iqlim o‘zgarishining aholi mobilligiga ta’siri kabi yangi global chaqiriqlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, 38 milliondan ziyod aholiga ega, Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan O‘zbekiston mintaqada eng yosh demografik tarkibga ega. Bugungi kunda pul o‘tkazmalari mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylangan. Ayni payt 1 million 200 fuqaromiz xorijda rasmiy mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Umuman, O‘zbekiston BMT tomonidan Migratsiya bo‘yicha global bitim (GCM) maqsadiga muvofiq migratsiyani boshqarish sohasidagi islohotni faol ilgari surayotgan, ilg‘or tajriba namoyish etayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda.
Forumda ishtirok etayotgan xalqaro ekspertlar ham mamlakatimizda migratsiya sohasida amalga oshirilgan ijobiy ishlarni yuqori baholadi.
– Insonning harakatchanligi butun dunyo bo‘ylab iqtisodiyot va jamiyatni shakllantiradi. Shunday bir vaziyatda ushbu anjuman migratsiya salohiyatini imkon darajasida namoyon qilish, jarayonni migrantlar hamda jamiyatlarga foyda keltiradigan tarzda qanday boshqarish mumkinligini aniqlash imkonini beradi, – deydi Migratsiya buyicha xalkaro tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Artur Erken. – Forum 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida mintaqa yanada hamjihat harakat qilishi hamda qulay boshqariladigan migratsiya afzalligidan samaraliroq foydalanishi uchun zamin yaratadi.
Ikki kun davom etadigan forum doirasida xalqaro ish beruvchilar va Migratsiya agentligi o‘rtasida mehnat mobilligining barqaror, shaffof va o‘zaro manfaatli tizimini rivojlantirishga qaratilgan 20 ga yaqin yangi shartnoma imzolanishi kutilyapti.
Darvoqe, bugun Toshkent shahrida xorijda ishlash niyati bo‘lgan o‘zbekistonliklarni zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitishga ixtisoslashgan “Intil” xalqaro til va kasbga o‘qitish markazi ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Umuman, Toshkent xalqaro migratsiya forumi sohada ilg‘or tajriba almashish, dolzarb muammolarga yechim topish va inson manfaati ustuvor yangi yondashuvlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega yirik anjuman sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Go‘zal Sattorova, Farxod Abdurasulov (surat), O‘zA