Toshkent MBIR xalqaro maslahat kengashi yig‘ilishiga mezbonlik qiladi
Joriy yilning sentabr oyida poytaxtimizda MBIR (Ko‘p maqsadli tadqiqot reaktori) negizidagi Xalqaro tadqiqot markazi maslahat kengashining uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Ushbu nufuzli anjuman O‘zbekistonning yadro texnologiyalari sohasidagi xalqaro hamkorligi tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Yadro fizikasi instituti MBIR bilan bog‘liq xalqaro konsorsiumga birinchilardan bo‘lib qo‘shilgani esa mamlakatimiz olimlari uchun jahon darajasidagi ilmiy infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini ochdi.
MBIR loyihasi bugungi kunda yadro texnologiyalari sohasidagi eng yirik xalqaro tashabbuslardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Loyihaning ilmiy ahamiyati, O‘zbekistonning undagi ishtiroki hamda bo‘lajak yig‘ilishning mohiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktori, akademik Ilhom Sodiqov quyidagilarni gapirib berdi:
– Mazkur yig‘ilishning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimiz ilmiy maktabining yangi avlod yadro texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro loyihalardagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Yadro fizikasi instituti MBIR bilan bog‘liq xalqaro konsorsiumga birinchilardan bo‘lib qo‘shildi. Konsorsiumga a’zolik olimlarimizga jahon darajasidagi ilmiy qurilmadan foydalanish imkonini beradi.
MBIR esa yangi avlod ilmiy-tadqiqot qurilmasi bo‘lib, ishga tushirilgach, materiallarni sinash, radioizotoplar olish, yadro-fizika hisob-kitoblarini tekshirish hamda kelajak atom energetikasi texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha jahon miqyosidagi yetakchi ilmiy maydonlardan biriga aylanadi.
MBIR - Dimitrovgrad shahridagi Atom reaktorlari ilmiy-tadqiqot instituti hududida qurilayotgan ko‘p maqsadli tez neytronli tadqiqot reaktori. Institut atom reaktorlarini tadqiq etishga ixtisoslashgan dunyodagi eng yirik muassasa hisoblanadi. Ayni paytda uning hududida oltita tadqiqot reaktori ishlab turibdi. MBIR ishga tushirilgach, ularning soni yettitaga yetadi. Bu yerda quvvati 100 MVt bo‘lgan, dunyodagi eng yirik tadqiqot reaktorlaridan biri - SM-3 ham faoliyat yuritmoqda. MBIRning quvvati esa 150 MVtni tashkil etadi. SM-3 nisbatan past energiyali oraliq neytronlarda ishlasa, MBIR yuqori energiyali tez neytronlarda ishlaydi.
Reaktorni 2028-yilga qadar ishga tushirish rejalashtirilgan. “Rosatom”dagi hamkasblarimizning aytishicha, ishlar hatto belgilangan jadvaldan ham ilgarilab bormoqda. MBIR dunyodagi eng yuqori quvvatga ega tez neytronli tadqiqot reaktori bo‘ladi. Yaqinda MBIR ko‘rsatkichlarini bizdagi reaktor ko‘rsatkichlari bilan taqqoslab ko‘rdim. MBIRda neytronlar oqimi bir necha yuz marta ko‘p, neytronlar energiyasi esa bizdagi reaktorga nisbatan bir necha o‘n ming marta yuqori bo‘ladi.
O‘zbekiston ushbu loyihada ishtirok etgan birinchi davlatlardan biri bo‘ldi. “Rosatom” MBIR reaktori negizida Xalqaro tadqiqot markazini tashkil etdi va mazkur qurilmada tadqiqot olib borishdan manfaatdor davlatlarni birlashtiruvchi konsorsiumni shakllantirdi.
Konsorsium tarkibiga MBIR Xalqaro tadqiqot markazining maslahat kengashi ham kiradi. U ilmiy siyosatni belgilaydi va reaktorda amalga oshiriladigan tadqiqotlar dasturini shakllantiradi. Konsorsiumga qo‘shilish to‘g‘risidagi rasmiy hujjat 2022-yil noyabr oyida Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan “Atomekspo” forumi doirasida imzolandi. 2025-yil iyul oyida esa qo‘shimcha kelishuv va konsorsiumga qo‘shilish shartlari rasmiylashtirildi.
MBIR reaktoriga dunyo miqyosida qiziqish juda katta. Hozirgi kunda tez neytronlarda ishlaydigan bir nechta tadqiqot qurilmalari mavjud, ammo ulardagi neytronlar oqimi MBIRdagiga nisbatan o‘nlab marta kam. Yaqin o‘n yilliklarda dunyoning boshqa biror joyida shunday ko‘rsatkichlarga ega tadqiqot qurilmasi paydo bo‘lishi ehtimoli juda past.
Maslahat kengashining uchinchi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkazilishi ma’lum bo‘lgach, turli mamlakatlar mutaxassislari unda ishtirok etish istagini bildirdi. Yig‘ilishda qariyb 100 nafar ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, MBIR olimlarimizga reaktorning tajriba kanallaridan foydalanish imkonini beradi. U ishga tushirilgach, yangi radioizotoplar ishlab chiqarish, materiallarning yuqori neytron oqimlari ta’siridagi xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Mamlakatimizdagi mavjud reaktor imkoniyatlari bunday tadqiqotlarni to‘liq amalga oshirish uchun yetarli emas. Shuning uchun bizda ikki-uch hafta talab etadigan ayrim natijalarni MBIRda bir necha soat ichida olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Yadro texnologiyalari ilm-fanning eng ilg‘or, yuqori texnologiyali va ayni paytda eng jadal rivojlanayotgan sohalaridan biridir. Ular energetika, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab tarmoqlarda tub yangiliklarga asos bo‘ladigan natijalarga erishish imkonini beradi. Bu sohada yaqin istiqbolning o‘zidayoq aniq amaliy natijalarni ko‘rish mumkin.
Mazkur yig‘ilish yirik xalqaro ilmiy tadbir bo‘lishi bilan birga, O‘zbekiston uchun muhim amaliy ahamiyatga ham ega. U mamlakatimiz olimlarining yangi avlod reaktorida amalga oshiriladigan tadqiqotlar dasturidagi ishtirokini kengaytiradi va milliy ilmiy maktabning ilg‘or yadro texnologiyalari sohasidagi xalqaro nufuzini yanada mustahkamlaydi.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.