Toshkent Markaziy Osiyoning yangi turizm markaziga aylanmoqda
Toshkent so‘nggi yillarda nafaqat O‘zbekistonning siyosiy va iqtisodiy markazi, balki zamonaviy turizm yo‘nalishi sifatida ham jadal rivojlanmoqda.
Poytaxtda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, yangi mehmonxonalar, gastronomik maskanlar va sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay infratuzilma shaharning xalqaro turizm xaritasidagi nufuzini tobora oshirmoqda.
2026-yilning dastlabki olti oyida Toshkent 7,3 milliondan ortiq sayyohni qabul qildi. Shundan 3,2 million nafari xorijiy, 4,1 million nafari esa mahalliy sayyohlardir. Ushbu ko‘rsatkichlar poytaxtga bo‘lgan qiziqish yildan-yilga ortib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Turizm xizmatlari eksportining 1,3 milliard AQSH dollariga yetgani esa sohaning shahar iqtisodiyotidagi strategik ahamiyatini yanada mustahkamladi.
Sayyohlar oqimining ko‘payishi turizm infratuzilmasining kengayishiga ham turtki bo‘ldi. Joriy yilning olti oyida Toshkentda 140 ta yangi joylashtirish vositasi ishga tushirildi. Ular orasida zamonaviy mehmonxonalar, xostellar, oilaviy mehmon uylari hamda boshqa turdagi joylashtirish maskanlari mavjud. Bundan tashqari, 203 ta yangi turistik korxona tashkil etilib, ularning umumiy soni 2 673 taga yetdi. Bu esa sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va tanlov imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirmoqda.
Turizmni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida gastronomik va sayyohlik ko‘chalari tashkil etilmoqda. Bugungi kunda Toshkentda umumiy uzunligi 27,2 kilometrni tashkil etuvchi 26 ta turizm va gastronomik ko‘cha faoliyat yuritmoqda. Mazkur hududlarda mingdan ortiq savdo va servis ob’ektlari xizmat ko‘rsatmoqda. Yuzlab tadbirkorlik sub’ektlari tunu kun faoliyat yuritish tizimiga o‘tgan bo‘lsa, o‘nlab xorijiy brendlarning kirib kelishi poytaxtning xalqaro jozibadorligini yanada oshirmoqda.
Ushbu loyihalar iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan ham muhim natijalarni bermoqda. Yangi turizm hududlarida 4,9 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratildi, soliq tushumlari esa uch barobarga oshdi. Bu esa turizm nafaqat xizmatlar sohasi, balki aholi bandligini ta’minlovchi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi muhim tarmoqqa aylanayotganini ko‘rsatadi.
Toshkentdagi bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Hozirda yana 18 ta yangi savdo, turizm va gastronomik ko‘cha hamda uchta zamonaviy sohilbo‘yi sayilgohi barpo etilmoqda. Mazkur loyihalar yakunlangach, poytaxt sayyohlar uchun yanada qulay, zamonaviy va jozibador maskanga aylanishi kutilmoqda.
Ichki turizmni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" dasturi doirasida joriy yilning olti oyida 1,1 million nafardan ortiq Toshkent shahri aholisi mamlakatning turli hududlariga sayohat va ekskursiyalarda ishtirok etdi. Bu esa fuqarolarda ichki turizm madaniyatini rivojlantirish va hududlarning turistik salohiyatini keng targ‘ib etishga xizmat qilayotir.
Bugungi Toshkent tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan, mehmondo‘stlik, qulay infratuzilma va yuqori xizmat sifati bilan ajralib turadigan shahar sifatida shakllanmoqda. Erishilayotgan natijalar poytaxtning nafaqat O‘zbekistonning yetakchi turizm markazi, balki Markaziy Osiyodagi eng jadal rivojlanayotgan va sayyohlar uchun eng jozibador megapolislardan biri sifatidagi mavqeini tobora mustahkamlab borayotganini tasdiqlaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA