«Toshkent IES» AJ jamoasi tanlov g‘olibi
«Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi» mavzuida huquqiy viktorina tanlovi o‘tkazildi.
Bosh qomusimiz mazmuni, hayotimizda tutgan o‘rni haqida yoshlarga atroflicha ma’lumot berish va ularning bu boradagi bilimini oshirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda jamiyat tarkibidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar orasidan shakllantirilgan jamoalar qatnashdi.
Ahamiyatlisi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi hamda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur viktorina tanlovida barcha ishtirokchilar puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda faol qatnashdi.
- Yoshlar o‘rtasida bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi ularning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan. Viktorina tanlovlari Bosh qomusimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini yoshlar ongiga singdirish, ularning qalbida qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi, - «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ bo‘lim boshlig‘i M.Nosirov.
Mazkur tanlovda faol ishtirok etgan xodimlarni tantanali taqdirlash marosimi o‘ziga xos va qiziqarli tarzda tashkil etildi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, «Toshkent IES» AJ jamoasi birinchi o‘ringa, «Issiqlik elektr stansiyalari» markaziy apparati jamoasi ikkinchi o‘ringa, «Navoiy IES» AJ jamoasi uchinchi o‘ringa loyiq, deb topildi.
Tadbir yakunida g‘oliblar mukofot va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA