Toshkent gullar festivalidan reportaj
Shu kunlarda poytaxtimiz qoq markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi yonidagi maydonda gullar festivali bo‘lib o‘tmoqda. Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu festivalga nafaqat poytaxt aholisi, balki respublikamizning turli viloyatlaridan mehmonlar, turistlar tashrif buyurgan. Festivalga gul yetishtiruvchilar tomonidan turli-tuman gullar, landshaft dizayni bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar o‘z ijod mahsulotlarini olib kelgan.
Ishtirokchilar nafaqat chiroyli landshaftlardan bahra olishi, gullarni xarid qilishi mumkin. Ayniqsa, Respublika estrada va sirk texnikumi talabalarining milliy ruhdagi sahna ko‘rinishlari, konsert dasturlari xalqimizga manzur bo‘lmoqda.
– Gullar festivali yurtimizda ichki turizmni rivojlantirish, odamlarga bahoriy kayfiyat ulashish, yoshlarning tabiatga bo‘lgan mehrini oshirish maqsadida tashkil qilingan, – deydi Toshkent shahar hokimligi vakili Sayyora Jo‘rayeva. – Bundan tashqari, festivalda bir nechta hunarmand, tadbirkor ayollarimiz ham o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Bu, tadbirkor ayollarga o‘z mahsulotlarini sotish uchun yaxshi imkoniyat.
[gallery-23149]
Toshkent viloyatining Keles shahrida yashovchi 65 yoshli Muqaddas Normatova sinfdoshlari bilan gullarni tomosha qilishga kelganini ta’kidladi.
– Biz, 25 nafar sinfdosh tez-tez yig‘ilib, mana shunday festivallarga borib turamiz, – deydi M.Normatova. – To‘g‘risini aytsam, biz oshxona yoki kafelarda gap-gashtak o‘ynashni yoqtirmaymiz. Uyda zerikib qolsak, yig‘ilishib Buxoro, Samarqand, Xiva, Qo‘qon kabi shaharlarga borib, aylanib kelamiz. Nafaqamni yig‘ib yurgandim. Bugun beshta tuvakda gul sotib oldim. Uyimda ham ancha-muncha gullarim bor. Bularni o‘shalarga qo‘shib, parvarishlayman. Biz 25 maydan 29 iyungacha Namanganda o‘tkaziladigan 64-xalqaro gullar festivaliga borishni ham rejalashtirib turibmiz.
Shuningdek, festivalda jajji farzandlari, nabiralari bilan kelgan boboyu buvilarni, o‘quvchilariga gullar haqida tushuncha berib yurgan ustozlarni uchratdik. Ayniqsa, biri biridan go‘zal, rang-barang gullarga qarab quvonayotgan bolajonlarga bu bayram o‘zgacha shukuh berganiga guvoh bo‘ldik.
Eslatib o‘tamiz, ushbu festival ertaga, 3 may kuni ham davom etadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA