Toshkent davlat yuridik universiteti 30 yoshda
Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yangidan-yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil qilinib, yurtimiz yoshlarining oliy ta’lim olishi uchun keng sharoitlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizdagi mavjud oliy ta’lim muassasalari o‘z o‘rni va mavqeiga ega, turli sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlab berishga o‘z hissasini qo‘shib keladi. Jumladan, yuridik ta’limni rivojlantirish, malakali yuridik kadrlar tayyorlashda Toshkent davlat yuridik universiteti muhim o‘rin tutadi.
Toshkent davlat yuridik instituti Vazirlar Mahkamasining 1991 yil 15 avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan edi va u 2013 yilda Toshkent davlat yuridik universitetiga aylantirilgan. Joriy yilda mazkur oliy ta’lim muassasasi tashkil topganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan mustaqilligimizga tengdosh universitetning 30 yilligi «Universitetim – faxrim, iftixorim!» shiori ostida katta tantana qilinmoqda.
– Universitetimizning 30 yilligi doirasida bir qator tadbirlar tashkil etildi va davom ettirilmoqda, – deydi TDYUU Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Haydarov.– Masalan, yaqinda “O‘zbekistonda yuridik ta’lim va fanning rivojlanish istiqbollari: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi. Mazkur xalqaro anjumanga davlat va jamoat arboblari, mahalliy mutaxassislar, malakali yurist va advokatlar bilan bir qatorda Germaniya, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Polsha, Qatar, Qirg‘izistonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari ekspertlari va professor-o‘qituvchilari ham tashrif buyurdi. Konferensiyada ommaviy huquq fanlarining milliy va xalqaro miqyosda rivojlanish tendensiyalari, jinoyat-huquqiy sohada ilm va fanni rivojlantirish masalalari: muammo va ularning yechimlari, Yangi O‘zbekiston va xalqaro huquq: asosiy yondashuvlar, mintaqaviy hamkorlik va istiqbollar, bozor iqtisodiyotini tartibga solishning zamonaviy tendensiyalari: milliy va xorijiy tajriba tahlili kabi mavzular yuzasidan ma’ruzalar taqdim etildi va munozaralar o‘tkazildi. Bundan tashqari, xalqaro konferensiya doirasida hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Ishtirokchilarning Toshkent davlat yuridik universiteti va universitet muzeyiga tashrifi uyushtirildi.
Darhaqiqat, yubiley doirasida o‘tkazilgan tadbirlar, xorijiy ta’lim maskanlari bilan tajriba almashinuvi yuridik ta’lim va fanni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.
Universitetning 30 yilligi munosabati bilan zamonaviy yuridik ta’limning istiqbollarini o‘zida qamrab olgan universitet madhiyasi yaratildi. Shu bilan birga, yuridik fan va ta’lim rivojini, universitet tarixi va istiqbollarini o‘zida qamrab olgan hujjatli film yaratilib, tantanali tadbirda namoyish etildi.
Shuningdek, universitet tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlar doirasida “Huquqshunoslar uchun yangi avlod darsliklarini yaratish va ularga bo‘lgan talablar” mavzusida xorijlik ekspertlar ishtirokida davra suhbati hamda TDYUU yangi avlod darsliklari taqdimoti ham tashkil etildi. Unda TDYUU yangi avlod darsliklarini yaratishning ahamiyati va dolzarbligi, ijodiy yondashuv, maxsus adabiyotlarni tarjima qilish va ularni o‘quv jarayoniga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Bunda ishtirokchilar tomonidan yangi avlod darsliklarini oddiy, sodda tilda yozish va nazariyani amaliy misollarda tushuntirish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi.
Davra suhbati doirasida yangi avlod darsliklarini tayyorlash va chet el adabiyotlarini tarjima qilish bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan amalga oshirilgan ishlarning samarasida jahonga mashhur olimlarning o‘zbek tilida chop etilgan 6 ta darsligi taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, anjuman davomida Yevropa instituti direktori, Saarland universiteti professori, yuridik fanlar doktori Mark Bungenberg TDYUga o‘zining ilmiy asarlarini taqdim etdi. Xalqaro ekspertga “Toshkent davlat yuridik universitetining faxriy professori” unvoni berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, istiqlolga tengdosh bo‘lgan Toshkent davlat yuridik universitetining 30 yillik yubileyi katta tayyorgarliklar bilan nishonlandi. Ushbu ta’lim dargohining yurtimizdagi o‘rni yanada mustahkamlanib, malakali yuristlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish borasidagi sa’y-harakatlari bardavom bo‘laversin.


Muhtarama Komilova, O‘zA