Toshkent davlat agrar universitetida “karera kuni”
Prezidentimiz tomonidan oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarga asosan so‘nggi yillarda mamlakatimizda aynan ta’lim sohasini, ya’ni inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, mamlakat kelajagi bilimli, zamonaviy fikrlaydigan kadrlarga bog‘liq.
Toshkent davlat agrar universitetida bitiruvchi kurs talabalari ishtirokida “Karera kuni” ommaviy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va sohaning boshqa tashkilotlari bilan birga O‘zbekiston fermerlari kengashi ham faol ishtirok etdi. Unda bitiruvchilarga Kengash tizimidagi mavjud ish o‘rinlari va ularning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Xususan, O‘zbekiston fermerlari kengashi hududiy kengashlari bo‘yicha bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etib, bitiruvchi talabalar egallagan yo‘nalishi bo‘yicha suhbat o‘tkazildi. Shundan so‘ng ular tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishga ko‘maklashish maqsadida ro‘yxatlar shakllantirildi va tegishli mas’ullarga yo‘naltirildi.

Shuningdek, tadbir davomida Respublika fermerlari kengashi mas’ul xodimlari tomonidan mahorat darslari o‘tkazilib,
innovatsion hamkorlik doirasida muammoli mavzular bo‘yicha tadqiqotlar olib borish haqida Toshkent davlat agrar universiteti mas’ullariga taklif va mulohazalar bildirildi.
Jumladan, amaliyotchi mutaxassislarni dars mashg‘ulotlariga jalb qilish, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini respublikadagi fermerlar taklifini hisobga olgan holda tayyorlash bo‘yicha takliflar berildi.

H. Tashmuradov, O‘zbekiston fermerlari
kengashi markaziy ijro apparati bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA