Toshkent Davlat agrar universiteti 90 yoshda...
Faoliyatiga bundan 90 yil avval tamal toshi qo‘yilgan Toshkent davlat agrar universiteti respublikamizdagi eng ilg‘or va nufuzli oliygoh sifatida mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy qatlami bo‘lmish qishloq xo‘jaligining serqirra tarmoqlari uchun yetuk, zamonaviy bilimlarga ega malakali mutaxassislarni tayyorlab kelmoqda.

Dunyoda davom etayotgan pandemiya sabab dastlab masofadan boshlangan o‘quv jarayoni bugun universitetning keng va shinam auditoriyalariga ko‘chdi. Talabalar orziqib kutgan kunlar boshlandi.
1918 yilda mahalliy ziyolilar tashabbusi bilan tashkil qilingan Toshkent davlat agrar universiteti Mirzo Ulug‘bek nomidagi milliy universitet nomi bilan chambarchas bog‘liq. 1920 yillarda uning tarkibida 8 ta fakultet faoliyat yuritgan bo‘lsa, 1930 yilga kelib qishloq xo‘jaligiga asoslangan fakultetlar negizida mustaqil tarzda O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi instituti tashkil topdi. 1934 yil oktyabrdan boshlab oliygohimiz Toshkent qishloq xo‘jaligi instituti deb yuritila boshlandi. 1940 yilda ilmiy nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoyalari bo‘yicha birinchi ilmiy kengash o‘z faoliyatini boshladi. Oradan 20 yil o‘tib, 1960 yildayoq oliy o‘quv yurtida texnik ta’lim vositalari laboratoriyasi tashkil etishga erishildi. Bu bilan bilimlarni dasturiy nazorat qilishning birinchi sinfi ochilishiga zamin yaratilgandi. 1970 yillar boshida birinchi lingafon kabineti ish boshladi.1980 yilga kelib yangi o‘quv binolari, talabalar turar joylari va sport sog‘lomlashtirish majmualarini barpo etish maqsadida katta ko‘lamda qurilish va obodonlashtirish ishlari tez sur’atlarda davom ettirildi. Natijada talabalar shaharchasi barpo etildi.
So‘ngi 3 yil ichida xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan 50 ga yaqin shartnoma va memorandumlar imzolandi. Hamkorlik shartnomalariga asosan universitetning 150 dan ortiq talabasi Germaniyaning BAVARIYA fermerlar uyushmasiga, 300 nafardan ortiq talaba esa Rossiya Federatsiyasining Janubiy Ural davlat agrar universitetida ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tab qaytdi. 200 nafardan ortiq professor o‘qituvchilar xalqaro loyihalar doirasida dunyoning turli davlatlari Oliy o‘quv yurtlarida o‘tkazilgan seminarlarda ishtirok etib, o‘z malakalarini oshirib keldilar.
Universitetning doimiy o‘qituvchilaridan 23 nafari faxriy unvonlarga, 13 nafari oliy ta’lim a’lochisi va fidoiy xodim ko‘krak nishonlariga egadirlar, 8 nafar professor o‘qituvchilarimiz turli xalqaro va respublika fanlar akademiyalarining a’zosi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan universitet rektori BotirjonSulaymonov 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining akademigi etib tasdiqlandi. 2010 yilda esa «SHUHRAT» medali bilan taqdirlandi.
Shu davrga qadar orttirilayotgan tajribalar, qishloq xo‘jaligi sohasida yerdan foydalanishdan tortib, dehqon, fermer xo‘jaliklari faoliyatida bank- moliya tizimidagi imtiyozli imkoniyatlar, bojxona va soliq siyosati, eksport-import shartnomalaridagi yengilliklar, O‘zbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga a’zo mamlakatlar qatoriga qo‘shilishiga zamin yaratmoqda.
Maqsadimiz, kelajakda xuddi ustozlarimiz singari mamlakatimiz agrar sohasi rivojiga hissa qo‘shib, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi industriyasiga yangi innovatsiyalarni jalb etish ekan, demak dunyoqarash va tafakkurimiz, hatto har bir harakatimiz taraqqiyotning soat sayin yangilanib borayotgan o‘zgarishlariga mos ravishda shakllanib bormog‘i kerak.
Mumtozbegim Ochilova,
TDAU talabasi