“Toshkent-2026”: yana uchta vaznda jahon chempionlari aniqlandi
Toshkent shahri mezbonlik qilayotgan taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatining navbatdagi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Xususan, musobaqaning ikkinchi kunida yigitlar o‘rtasidagi -48 kg. vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Yosinbek Odilov so‘nggi hal qiluvchi final jangida Ummon vakili Dovud Al-Yusufiyni 2:0 hisobida dog‘da qoldirgan holda jahon chempioniga aylandi. Ushbu vaznda Abdulla Shahin (Iordaniya) va Yerasil Yerzat (Qozog‘iston) bronza medalga sazovor bo‘ldi.

Vazni -55 kg. bo‘lgan taekvondochilar bahsida Muhammad Xodeyi (Eron) barcha raqiblarini taslim etib, oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, Antoni Sokolovski (Polsha) kumush, Abdurahmon Kilich (Turkiya) va Islom Medetbay (Qozog‘iston) kuchli uchlikdan joy oldi.
Ushbu vazndagi qizlar orasida Lyu Szыsyuan (Xitoy), Klara Ugleshich (Xorvatiya), Hala Hani Omar (Misr) hamda Aminat Ramazanova (Rossiya) kabi taekvondochilar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
“Olimpiya shaharchasi”da o‘tayotgan dunyo birinchiligining 14-aprel kungi bellashuvlarida 4 nafar vakilimiz medallar uchun kurash olib boradi.

Jumladan, Zuhra Izmailboyeva -42 kg. vazndagi ishtirokini 1/16 final bosqichidan boshlaydi. U fransuz sportchisi Enea Brune hamda qozog‘istonlik Shahrizoda Akramova o‘rtasidagi bellashuv g‘olibiga qarshi dayanga chiqadi. Sitora Asrorova esa +68 kg. vazn toifasining 1/16 final bosqichida Xorvatiya terma jamoasi vakili Sara Zijik bilan raqobatlashadi.
Yigitlar o‘rtasida Ahadjon Muxtorov (–73 kg) rossiyalik Nikita Gubanov va xitoylik Venyun Vang juftligi g‘olibiga qarshi bellashsa, Shohjahon Xolmurodovning raqibi vetnamlik Nguyen Duk Chung bo‘ladi. Har ikki sportchimiz ham ishtirokini 1/16 final bosqichidan boshlaydi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA