To‘raqo‘rg‘onda yirik korxona qurilmoqda
Namangan viloyatini mamlakatimizning sanoat va tadbirkorlik markaziga aylanishida yetakchi tekstil va to‘qimachilik kompaniyalari qatorida Davlatobod tumanidagi “Iftixor kiyim sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining alohida o‘rni bor.
Oliy Majlis Senati a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Anna Dobrix boshchiligidagi mazkur sanoat birlashmasi To‘raqo‘rg‘on tumani Ibrat massivida joylashgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida Germaniya va Italiya davlatlari ishbilarmonlari bilan hamkorlikda 197,8 million dollar qiymatdagi yirik korxona barpo etmoqda. Uning yillik quvvati 80 ming tonna kalava ip va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushadigan mazkur korxonada qurilish ishlari yakunlanib, hozirda uskuna va jihozlarning 90 foizi o‘rnatib bo‘lindi. Loyiha ishga tushganidan so‘ng yiliga qo‘shimcha 80 million dollar miqdorida sanoat tovarlari eksporti uchun imkoniyat, asosiysi 2 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tuman sektor rahbarlari hamrohligida yangi barpo etilayotgan korxonada bo‘lib, tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga zarur topshiriqlar berdi.
Ta’kidlash darkor, yirik sanoat maskanlaridan biriga aylanadigan “Iftixor kiyim sanoat”ning yangi korxonasi Namangan viloyatining eksport salohiyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA