To‘raqo‘rg‘onda o‘sish nuqtalari: vazifalar belgilandi
Namangan viloyati Xalq deputatlari To‘raqo‘rg‘on tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi Zulayho Mahkamovaning 2021 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2022 yilga mo‘ljallangan rejalarga oid murojaati tinglandi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 11 oylik yakuni bilan o‘tgan yilga nisbatan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 123,7 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 103,2 foiz, pudrat ishlari 119,0 foiz, chakana savdo aylanmasi 122,4 foiz va jami xizmat hajmi 122,9 foizga ortig‘i bilan bajarildi.
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholiga suv tarmog‘ini yaxshilash, ichki yo‘llarni ravon holatga keltirish uchun chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, 1,3 milliard so‘m dasturlarning parametrlarini amalga oshirishga yo‘naltirildi.

Joriy yilning o‘zida tumanda 480 ta yangi kichik biznes sub’ekti tashkil etilib, ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar soni 2 ming 198 taga yetkazildi. Jami 4 ming 131 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’ektiga 78,8 milliard so‘m kredit berildi. Birgina, “Har bir oila-tadbirkor dasturi” asosida 36 milliard so‘m, Ayollar jamoat fondi hisobidan 2,4 million so‘m, tomorqa yer egalari kengashi hisobidan 390 million so‘m kredit ajratildi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar vakillaridan 24 nafari muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi. “Ayollar daftari”dagi ayol-qizlardan 449 nafari doimiy ishga va tikuvchilikka, 185 nafari tadbirkorlikka jalb etildi. 60 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 98 nafari esa oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshladi.
Tumanda joriy yilning o‘tgan davrida 96 ta loyiha bajarilishiga erishildi. Jumladan, umumiy qiymati 550,5 milliard so‘mga teng 37 ta sanoat, 106,3 milliard so‘mlik 31 ta xizmat ko‘rsatish, 130,7 milliard so‘m bo‘lgan 28 ta qishloq xo‘jaligi loyihasi amalga oshirildi.

Masalan, “Oqtosh tekstil” MCHJ tomonidan 107,3 milliard so‘m evaziga momiq sochiq mahsulotlari ishlab chiqarishning 2-bosqichi ishga tushirildi va yangi 200 ta ish o‘rni, "Pride Energy Services" MCHJ tomonidan 6 milliard so‘m sarflanib, transformator, shitlar va boshqa elektrotexnika mahsulotlarini qayta ishlash loyihalari ishga tushirildi va yangi 50 ta ish o‘rni yaratildi.
Tumandagi mavjud 6 ta kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 267 milliard so‘mlik investitsiyalar jalb qilinib, 14 ta loyiha ishga tushirildi va 483 ta yangi ish o‘rni yaratildi. “Parvoz” kichik sanoat zonasidagi "Disfood" MCHJda 10 milliard so‘m evaziga qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishga tushirilib, 50 kishining bandligi ta’minlandi.
Tumanda 2022 yil uchun ulkan maqsadlar ko‘zda tutilgan. Xususan, tadbirkorlik sub’ektlari sonini 3 mingtadan oshirish, ularni samarali biznes yuritishi uchun banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar hajmini 2 barobar oshirib, 144 milliard so‘mga yetkazish ta’minlanadi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1,3 trillion so‘mlik 134 ta loyiha ishga tushirish va 1 ming 775 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilab olingan.

– Har yili mehnat bozoriga 2 ming 200dan ortiq yosh kirib kelmoqda. Farzandlarimizga munosib ish o‘rinlari yaratish eng dolzarb vazifamizdir, – dedi tuman hokimi Zulayho Mahkamova. – Kelasi 2022 yil davomida barcha soha va dasturlar doirasida jami 9 ming ta yangi ish o‘rni tashkil etishni rejalashtirganmiz. Qolaversa, tumanimizdagi aholini “Kasb-hunarga o‘qitish markazi”da “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etish orqali yiliga 700 nafardan ortiq ishsiz va xorijda ishlash istagidagi fuqarolar o‘quv kurslariga qamrab olinadi.
Sessiya ishida, To‘raqo‘rg‘onda o‘sish nuqtalari sifatida – yengil sanoat tarmoqlarini kengaytirish; meva-sabzavotchilik mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va uni eksportga yo‘naltirish, tumanga qurilish sanoatini olib kirish va ushbu tarmoqda sanoat kooperatsiyalarini joriy etish, mebelchilikni rivojlantirish yo‘lida ixtisoslashgan oilaviy korxonalarni ko‘paytirish kabi muhim vazifalar belgilab olindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA