To‘raqo‘rg‘onda jinoyatchilik ko‘rsatkichi nega ortmoqda?
Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida umumiy jinoyatchilik o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgan.
Mutasaddi korxona, tashkilotlar rahbarlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning huzuridagi yarashtirish komissiyalari hamda keng jamoatchilik imkoniyatlaridan samarali foydalanilmaganligi natijasida qotillik, bosqinchilik, qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish, o‘g‘rilik, bezorilik, iqtisodiy jinoyatlar ko‘paygan.

Bu haqida tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, uchinchi sektor rahbari Mirshohid Sobirjonov navbatdagi muhokama yig‘ilishida ma’lum qildi.
Mahallalar kesimida tahlil qilinganda, 67 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 13 tasida jinoyatchilik qayd etilmagan. 10 tasida esa barqaror qolgan, 37 tasida oshib ketgan. Ya’ni, Mozorko‘hna, Yangihayot, Axsi, Yakkatom, Chustko‘prik, Yangiobod, Guliston, Yortepa, Past Naymancha, Turkiston kabi mahallalarda bu boradagi ishlar samarali tashkil etilmagan.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish, sodir etilgan jinoyatni tezda aniqlash borasida videokuzatuv kameralarining o‘rni katta. Hozirgacha mahallalarda 112 ta shunday jihoz o‘rnatilgan. Ammo, ayrim joylarda arzimas bahonalar bilan bu ish paysalga solib kelinmoqda.

Tuman prokurori, tuman ikkinchi sektori rahbari Elyorbek Talaboyev jinoyatchilikni kamaytirish uchun mahalla va oilalar hamkorligini kuchaytirish, fuqarolarni odob, qadriyatlarni hurmat qilishga o‘rgatish lozimligini ta’kidladi.
To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi, tuman birinchi sektori rahbari Zulayho Mahkamova mard va tanti insonlar, buyuk allomalarga beshik bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on zaminida bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda ko‘rsatkichlar ijobiy ekanligi, biroq tumanda jinoyatchilik oshishi ana shu yutuqlarga soya solib turganini aytib, zudlik bilan chora-tadbirlar belgilanishi, hududlarga borib yetarli faoliyat olib borolmayotgan mahalla raislariga nisbatan xalqning bahosini eshitishni taklif etdi.
Yig‘ilishda o‘tgan davr mobaynida umuman jinoyatchilik qayd etilmagan mahalla raislari va biriktirilgan profilaktika inspektorlari viloyat “Mahalla” jamoat fondi hamda tuman hokimligining sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, sektorlar ichida eng yaxshi natijaga erishgan tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, tuman to‘rtinchi sektori rahbari Shohruhbek Azbekov va tuman IIB profilaktika inspektori Farhod Boydadayev alohida rag‘batlantirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA