To‘raqo‘rg‘onda bog‘chalar yana bittaga ko‘paydi
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Olchin mahallasida “Usta Ergashali Ahmedov” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug‘bek Ahmedov tashabbusi bilan “Mohinur Muxlisa ziyo” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurib foydalanishga topshirildi.
120 o‘rinli bog‘chada 3-7 yoshdagi bolajonlar to‘rtta guruhda asosan rus va ingliz tili yo‘nalishlari bo‘yicha tarbiyalanadi. E’tiborlisi, 20 nafar tarbiyalanuvchi imtiyozli ravishda bepul qatnaydi.
Tadbirkorning 2 milliard so‘m shaxsiy mablag‘i evaziga barpo etilgan bog‘chaning ochilish marosimida qatnashgan Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov mahalla ahlini shunday ajoyib dargoh bilan tabriklab, bolajonlarga Yangi yil sovg‘alarini ulashdi. Mana shunday muassasalarni qurish istagidagi tadbirkorlarning loyihalari qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
[gallery-574]
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda To‘raqo‘rg‘on tumanida 43 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 3 ta xususiy va 133 ta oilaviy bog‘cha faoliyat yuritmoqda. Bolalarni qamrab olish darajasi 66 foizga yetdi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA