To‘qsonbosti — erta hosil va qo‘shimcha daromad manbai
Toshkent viloyatida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, aholi tomorqalari hamda dehqon xo‘jaliklarida bir maydondan yil davomida bir necha marta hosil olish, erta bahorda bozorlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida to‘qsonbosti ekinlarini ekish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent viloyati hokimining tegishli qaroriga muvofiq, 2027-yil hosili uchun viloyat bo‘yicha jami 11 ming 911 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida va avgust-sentabr oylarida kuzgi ekinlar ekilishi belgilangan. Mazkur ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yerdan unumli foydalanish barobarida erta bahorda aholini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash hamda eksportbop mahsulot yetishtirish hajmini oshirishdan iborat.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida kelgusi yilning erta bahorida 288 ming 210 tonna sarxil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishi kutilmoqda. Rejaga ko‘ra, mazkur maydonlarning 3 ming 994 gektariga piyoz va sarimsoqpiyoz, 1 ming 357 gektariga sabzi, 2 ming 603 gektariga karam turlari, 2 ming 964 gektariga ko‘katlar ekiladi.

Bu borada fuqarolarga ajratilgan ijara yerlaridan ham samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, aholiga ajratilgan 18 ming 899 gektar ijara yerlarining 7 ming 64 gektarida to‘qsonbosti ekinlari ekiladi. Mazkur yo‘nalishda Bekobod, Yangiyo‘l va O‘rta Chirchiq tumanlarida ishlar jadal olib borilmoqda.
Aynan to‘qsonbosti ekinlarini ekishda nafaqat maydonlarni kengaytirish, balki agrotexnik talablarga rioya qilish, urug‘lik va ko‘chatlarni o‘z vaqtida tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Bekobod tumanidagi “Abduvafo” fermer xo‘jaligi dala maydonida qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari va fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda ekin turlarini to‘g‘ri tanlash, yer maydonlarini ekishga tayyorlash, urug‘likni saralash, ekish muddatlari va me’yorlari, shuningdek, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalari bo‘yicha mutaxassislar tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbirning amaliy qismida sabzavot ekinlarini ekish texnologiyasi bevosita dala sharoitida namoyish etildi. Fermerlar ekinlarni joylashtirish, urug‘likni me’yorida sarflash va ekish jarayoni bilan tanishdi. Shuningdek, ishtirokchilar hosildorlikni oshirish, yer unumdorligini saqlash va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan mutaxassislardan zarur tavsiyalar oldi.
Viloyatda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida mahalla va xonadonlarni muayyan ekin turlariga ixtisoslashtirish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu jarayonda aholiga kafolatlangan urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish, sug‘orish suvi bilan uzluksiz ta’minlash hamda yetishtirilgan mahsulotni eksportyorlarga biriktirish choralari ko‘rilmoqda.
Toshkent tumanida ham 2027-yil hosili uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan. Xususan, 451 gektar yerda to‘qsonbosti ekinlarini ekish, oktabr oyida 450 gektar maydonda duga usulida pomidor, bodring va kartoshka ekish, shuningdek, ko‘chatlar va moddiy resurslar zaxirasini oldindan shakllantirilyapti. Hudud mas’ullari takroriy ekinlardan bo‘shagan maydonlarni peshma-pesh tayyorlab borish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish va ekin maydonlarida dala madaniyatiga qat’iy rioya qilish bo‘yicha dehqonlarga tegishli ko‘rsatmalar bermoqda.

Bundan tashqari, Suv xo‘jaligi vazirining topshirig‘i asosida Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Dolzarb 5 kunlik” tadbirlari doirasida ham suv xo‘jaligi ob’ektlari atrofidagi mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Mazkur sa’y-harakatlar doirasida suv xo‘jaligi tizimiga qarashli hududlarda to‘qsonbosti ekinlarini ekish uchun yer maydonlarini tayyorlash, obodonlashtirish va mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish ishlari davom ettirilmoqda.
Xususan, Ohangaron-Dalvarzin ITBga qarashli Shimoliy tarmoq “Suvchilar uyi” hududida to‘qsonbosti ekinlarini ekish uchun yer tayyorlash ishlari boshlandi. Yerlar yumshatilib, ekishga tayyor holatga keltirilmoqda. Yuqori Chirchiq tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi hovlisida ham sarimsoqpiyoz ekish uchun yer tayyorlandi. Parkent tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasida esa 35 nafar xodim mehnat qilayotgan bo‘lib, muassasaning 40 sotix tomorqasida sarimsoqpiyoz, ko‘kpiyoz va ismaloq kabi ekinlar ekilgan.
– Bunday ekinlarning afzalligi shundaki, bir tomondan, yerdan samarali foydalanish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, qo‘shimcha mahsulot va daromad manbaini yaratadi. Nasib qilsa, mahsulotlarimiz yetilib, daromad olingandan so‘ng ishchi-xodimlarni rag‘batlantirishga yo‘naltiramiz. Bu orqali ham yerdan unumli foydalanamiz, ham jamoamiz a’zolarini qo‘llab-quvvatlaymiz, – deydi Yuqori Chirchiq tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi rahbari Tolib Salimov.
Umuman olganda, hudud bo‘yicha bu kabi sa’y-harakatlar orqali erta bahorda bozorlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish, ichki bozorda barqarorlikni saqlash va eksport uchun qo‘shimcha mahsulot bazasini shakllantirish imkoni yaratiladi. Bir qarich yerning ham e’tibordan chetda qolmasligi esa bugungi sharoitda nafaqat qo‘shimcha hosil, balki qo‘shimcha daromad va oziq-ovqat barqarorligining muhim omilidir.
A.Musayev, O‘zA