To‘qsonbosti ekinlari daromad manbai
Farg‘ona viloyatida joriy yilda 25 ming gektar yer maydonida to‘qsonbosti ekinlaridan sabzi, sarimsoqpiyoz, karam, ko‘katlar yetishtirish rejalashtirilgan.
To‘rt mavsumda ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirayotgan mirishkorlar to‘qsonbosti usulidan samarali foydalanmoqda. Bu yaxshi daromad manbai bo‘lishi bilan birga, aholining ertagi sabzavotga bo‘lgan talabini qondirish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston tumanidagi fermer xo‘jaliklari, qishloq va mahallalarda yashovchi aholining ko‘pchiligi o‘z tomorqalariga to‘qsonbosti usulida ekin ekib, daromad oladi. Tuman mirishkorlari tomonidan kuzning har bir kunidan unumli foydalanib, to‘qsonbosti usulida ekin ekishga alohida e’tibor berilmoqda.
Dala mehnatkashlari yoz bo‘yi yetishtirgan mahsulotlarini o‘z vaqtida yig‘ishtirib olib, ayni vaqtda ekinlardan bo‘shagan maydonlarning bir qismiga sarimsoqpiyoz, ismaloq, turp, karam, piyoz va ko‘katlar ekib, parvarishlamoqda.
Ana shunday mirishkorlardan biri Farovon kelajak mahallasidagi “Usmonjon Meliqo‘zi To‘lash” sabzavotchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Salohiddin Usmonovning ta’kidlashicha, xo‘jalik maydonlarida muntazam ravishda to‘qsonbosti ekinlari parvarishlanib, munosib daromad olib kelinadi.
–Bu yil ham 2 gektar maydonda sarimsoqpiyoz va ismaloq ekinlarini parvarishlayapmiz. Noyabr oyining boshida esa 50 sotix maydonga qizil sabzi ekishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ekinlarimizning serhosil bo‘lishi uchun shu joyning o‘zida yetishtirgan 45 tonna biogumus zaxirasini ham jamg‘arib qo‘yganmiz. 2 gektar maydondagi sarimsoqpiyozdan erta bahorda 35 tonnadan ziyod hosil olishni ko‘zlaganmiz, –-deydi Salohiddin Usmonov.
Tumanning “Do‘stlik” mahallasida ham ziroatchilik, mirishkorlik rivojlangan. Mahalladagi 7 gektardan ziyod maydonda 20 yildan buyon dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan “Abdurahmon Ibrohim Otajonovich” fermer xo‘jaligi mirishkorlari ham ko‘pdan buyon xalqimiz dasturxoniga yuqori quvvatli sarxil ekinlarni yetkazib beradi.
Xo‘jalik rahbari Umidjon Dadaboyevning ma’lum qilishicha, xo‘jalikning ayni 1,5 gektarli bitta konturining o‘zida bir yilda uchinchi marta hosil olinmoqda. Bu maydonda ham sholg‘om, turp va ismaloq kabi foydali ekinlar barq urib rivojlanmoqda.
–Mana shu maydonning o‘zida dastlab joriy yilning fevral oyida karam ekib 300 million so‘m daromad oldik, keyin ikkinchi hosilga shirin makka ekdik, mana uchinchi hosilimiz – to‘qsonbosti ekinlaridan esa noyabr oyi oxirida yuqori hosil olishni mo‘ljallayapmiz. Birgina 25 sotix maydonda yetishtirilgan turpning o‘zidan 20 tonna turp olishni chamalaganmiz, –deydi Umidjon Dadaboyev.
O‘zbekiston tumanida joriy mavsumda 3 ming 200 gektardan ziyod maydonlarda to‘qsonbosti usulida ekin ekish tadbirlari rejalashtirilgan. Shu kungacha esa aholi tomorqalari, bog‘ qator oralari, dehqon va fermer xo‘jaliklari dala maydonlarining 2 ming 500 gektar qismiga mazkur ekinlar ekilgan.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri