To‘qimachilik sanoatining raqamli transformatsiyasi nima?
AOKAda o‘tkazilgan brifingda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini jadallashtirish platformalari xaqida so‘z bordi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi axborot xizmati rahbari Shahzoda Qo‘chqorova mavzu yuzasidan ma’lumot berar ekan, sohaning hozirgidek raqobatbardosh va dolzarb bo‘lib qolishi uchun raqamli yechimlarni joriy etish muhim vazifalardan biri ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentnining 2020 yil 5 oktyabrdagi «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu ishlarni kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
– Yaqinda farmon ijrosi doirasida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan «Raqamli to‘qimachilik: IT yechimlar orqali to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish» forumi tashkil etildi. Yarim milliondan ortiq odamni doimiy ish bilan ta’minlagan to‘qimachilik sanoati rivojlanishining yangi – raqamli darajaga ko‘tarilayotgani va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga asosiy e’tibor berildi. Shuningdek, unda ishtirokchilar to‘qimachilik sanoatining raqamli transformatsiyasi asl mazmuni va uning natijalari xususida fikr almashdi.
Raqamli transformatsiya bu – mahsulotlarning shaffoflikka asoslangan mukammal ta’minot zanjirini yaratadigan mahsulot markirovkasi, barchaga tanish bo‘lgan marketpleys, ya’ni mazkur internet-platformada uydan chiqmasdan, telefon yordamida deyarli butun dunyo bo‘ylab savdo va xaridlarni amalga oshirish, yangi ta’minot zanjirlarini yaratishda onlayn va vositachilarsiz biznes yuritishni osonlashtiradigan elektron platformalar kabilarni o‘zida mujassam etadi.
Birifingda raqamli transformatsiyani amalga oshirish imkonini beruvchi yangi 1fintex.uz, uzbtextile.uz va Textile Makon loyihalari soha uchun qanday o‘rin egallashi haqida ham so‘z yuritildi.
Ta’kidlanishicha, 1fintex.uz loyihasi moliyaviy platforma bo‘lib, unda kichik biznes pul vositalari evaziga debitorlik qarzlarini sotishi mumkin. Platformada eksportyor korxonalar invoyslarini onlayn tarzda savdoga qo‘yish, investorlarni jalb qilish, diskont bilan sotish, 3-5 kunda mablag‘larni olish, o‘z pul tushumlarini oldindan rejalashtirish imkoniyatlari yaratilgan. Rivojlangan davlatlarda bunday mexanizmlar asosida moliyalashtirish an’anaviy bank kreditlari o‘rnini egallamoqda.
Uzbtextile.com loyihasi to‘qimachilik V2V savdo platformasi sifatida butun dunyodagi xaridorlarning o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchilar bilan muloqotini soddalashtiradi. Hamda davlat va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga eksport rejalarini amalga oshirishda yordam beradi.
«Textile Makon» loyihasi esa keng ko‘lamli media, marketing, brending va PR xizmatlarini taklif qiluvchi yagona media-markaz bo‘lib, u professional audio va video loyihalar, veb-saytlar, jurnallar va kataloglar uchun kontent yaratish, tadbirlar, promo-tadbirlar va xalqaro forumlarni yuqori saviyada o‘tkazish orqali to‘qimachilik sanoati va soha korxonalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, brifingda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan aqlli ishlab chiqarishga o‘tish, raqamli fabrikalarni tashkil etish, mahsulot kastomizatsiyasi kabi IT texnologiyalardan samarali foydalanilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlanilishi qayd etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA