Toqayev Aliyevni orden bilan taqdirladi
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevni ikki dvlat o‘rtasidagi munosabatni mustahkamlash va rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Oltin Kyran” (“Oltin burgut”) ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda Qozog‘iston matbuot xizmati xabar berdi.
Chorshanba kuni Toqayev rasmiy tashrif bilan Bokuga yetib kelgan va davlat rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.
“Shubhasiz, mazkur tashrif men uchun alohida ahamiyatga ega. Bugun juda muhim masalalar muhokama qilinadi. Muzokara yakunida bir qator hujjatlar imzolanadi. Ishonchim komilki, ikki tomonlama hamkorlik, Qozog‘iston - Ozarbayjon munosabati yangi bosqichga ko‘tariladi”, dedi Qozog‘iston yetakchisi.
O‘z navbatida Ozarbayjon Prezidenti Qozog‘iston rahbarining Bokuga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuv yakunida Ozarbayjon Prezidentini Qozog‘istonning oliy davlat mukofoti – “Oltin burgut” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.