Tomoshabinlar shunday filmlar kerakligini eʼtirof etishmoqda
“Frontovik yozuvchi deb Moskvada oʻtkaziladigan bir anjumanga meni ham taklif etishdi, — degan edi Odil aka oʻshanda.
Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning tantanavor nishonlanishi urfdan qola boshlagan oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillari oʻrtalarida ulugʻ adibimiz Odil Yoqubov bir voqeani soʻzlab bergandi.
“Frontovik yozuvchi deb Moskvada oʻtkaziladigan bir anjumanga meni ham taklif etishdi, — degan edi Odil aka oʻshanda. — Boray desam, bu yerdagilarga yoqmaydi, bormay desam, taklif qilishibdi. Axiyri, qani, nima gap ekan, degan qiziqish ustun kelib yoʻlga otlandim. Qarasam, katta zalda bir dunyo odam yigʻilgan. Bu vaqtda endi-endi mustaqilligini qoʻlga kiritgan respublikalarning aksariyati oʻz vakillarini yuborishmagan ekan. Harbiy formadagilar, generallar, marshallar. Bir-birining ortidan minbarga koʻtarilishib, ruslar fashistlarning dodini berganini maqtab yotishibdi. Chidab turolmadim, qoʻl koʻtarib soʻz oldim, minbar tomon yurdim. Minbarga chiqayotib hayajonlanganimdan turtinib, yiqilib ketishimga oz qoldi. Minbarga chiqib, oʻrtoqlar, nima deyapsizlar, bu gʻalaba butun insoniyatniki, urushda Oʻzbekistondan shuncha, Qozogʻistondan shuncha, Oʻrta Osiyodan shuncha yoʻqotishlar boʻldi, dedim. Oʻzi yemay, oʻzi kiymay frontga yuborilgan vagon-vagon narsalar, evakuatsiya qilinganlar haqida gapirdim. Hammasi jim boʻlib qoldi. Keyin Bolshakov degani, Oʻzbekistondan bir frontovik yozuvchi kelib minbarga zoʻrgʻa koʻtarildi-yu, ammo haq gaplarni aytib ketdi, debdi”.
Ha, urush haqiqatlarini Vatan va millat manfaatlaridan kelib chiqqan holda talqin etish zarurligini tarixchilar uqdirib kelishadi. Shu maʼnoda, keyingi yillarda yurtimizda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabani obyektiv baholash ishlariga jiddiy eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 75 yililigini munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida Oʻzbekiston xalqining jang maydonlaridagi, urush ortidagi qahramonligi va fidokorona mehnatini, tarixiy xizmatlarini mamlakatimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish va abadiylashtirish, yosh avlodni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib boʻlgan, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylash va yana-da mustahkamlashga qodir, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash maqsadi qoʻyilgani esa buni aniq ifoda etadi.
Poytaxtimizda Gʻalaba bogʻini barpo etish, bogʻ markazida besh oʻgʻli urushda mardlarcha halok boʻlgan Zulfiya Zokirova va uning sadoqatli kelinlari siymosida oʻzbek oilasining umumlashgan obrazini aks ettiradigan “Matonat madhiyasi” deb nomlangan yodgorlik majmuasini yuksak gʻoyaviy-badiiy saviyada yaratish uchun eng isteʼdodli va mahoratli ijodkorlar, meʼmor va mutaxassislar jalb etilishi vazifalari qoʻyildi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 9-mayda urushda besh nafar farzandidan ayrilgan xonobodlik ona Zulfiya Zokirova haqidagi fikr-mulohazalarida bu mavzuda asarlar yaratish lozimligi oʻz tajassumini topgan edi. “Oʻzbekkino” Milliy agentligida esa Zulfiya Zokirova haqida badiiy film yaratishga kirishilgan edi.
Zulfiya Zokirovani yaxshi biladigan, “Yigirma milliondan biri”, “Siz bilgan Dukchi Eshon”, “Surgun” singari qator asarlari bilan oʻquvchilarga yaxshi tanish boʻlgan xonobodlik taniqli publitsist va yozuvchi Alinazar Egamnazarovning “Besh jangchining onasi” ocherki motivlari asosida Hasan Toshxoʻjayev va Jahongir Ahmedovlar ssenariysi asosida rejissyor Jahongir Ahmedov aktyorlarni tanlashda Zulfiya Zokirova obraziga respublikamizdagi oʻnlab aktrisalarni sinovdan oʻtkazganini aytadi. Rejissyorning ona obraziga taniqli aktrisa Dilorom Karimovani tanlab xato qilmaganini film namoyish etilganidan soʻng tomoshabinlar ham eʼtirof etishdi. Dilorom Karimova boshchiligidagi aktyorlar ansabmlining bu jiddiy mavzuga barcha isteʼdodlarini ishga solib munosabatda boʻlishgani tomoshabinlarda yoqimli taassurot uygʻotdi. Ular shunday filmlar kerakligini eʼtirof etishmoqda.
Suratga olish ishlari 2019-yil 14-sentyabrda boshlangan “Ilhaq”ning Oʻzbekistonda suratga olish jarayoni 2020-yilda tamomlanganidan soʻng, Belarusda jang sahnalarini suratga olish ishlari uchun film ijodkorlari bir necha marta u yerga borib, tasvirga olish ishlarini bajarishganini, Belarusdagi pirotexnikalar maʼqul boʻlmagani uchun Moskvaga ham borib kelishganini aytishadi.
Diqqatga sazovar jihati shundaki, film ijodiy guruhini asosan yoshlar tashkil etgan. Grimchilar, kostyum ustalari va boshqalar madaniyat va sanʼat instituti talabalaridir. Oʻzbek kinolaridakoʻp yillardan urush ortidagi voqealar tasviri bilan chegaralanib, front manzaralariga eʼtibor berilmay kelinardi. “Ilhaq” badiiy filmi ishga tushayotganida ham jang sahnalari koʻzda tutilmagan.“Oʻzbekkino” hukumatdan qoʻshimcha yana 2 milliard mablagʻ soʻrab oladi. Shu tariqa “Ilhaq”ning tomoshabinlarga taqdim etilgan hozirgi jang sahnalari ham mavjud varianti paydo boʻladi.
Albatta, sanʼatning individual turlaridan farqli oʻlaroq, kino sanʼati ijodiy jamoa faoliyatining natijasi oʻlaroq dunyoga kelishi nazarda tutilsa, bu jarayonda ssenariy mualliflaridan tortib bastakorlargacha, aktyor ijrosidan tortib ovozlashtirish ishlarigacha yaxlit mukammallik kasb etganiga tomoshabinlar turlicha munosabatda boʻlishmoqda.
“Ilhaq” badiiy filmiga jami 10 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Karonavirus pandemiyasi sharoitida kinoteatrlarda namoyish etilishi imkonsizligini hisobga olib, Badiiy kengash qarori bilan “Oʻzbekkino” milliy agentligi “Ilhaq” bilan bir qatorda urush mavzusidagi “101” badiiy va “Xalq jasorati” hujjatli filmlarini ham telekanallar orqali xalqimizga yetkazib berdi.
Bu oʻrinda, albatta, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi kinoteatrlardan avval oʻz mahsulotini televideniye orqali namoyish etishining bugungi kundagi vaziyatdan kelib chiqqan holda maʼnaviy jihatlariga ham eʼtibor qaratildi. Iqtisodiy tahlillarga koʻra, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan yaratiladigan filmlarga sarflanadigan mablagʻning kinoteatrlar tushumidan qoplanishi nihoyatda past darajada boʻlib, respublikamizda kinoteatrlar soni kamayib ketgani ham buning sabablaridan biri hisoblanadi. Agentlikda bugungi kunda mazkur masala yechimiga doir izlanishlar ham olib borilmoqda. Nimaiki boʻlmasin, tomoshabinlar ishonchini oqlagan holda milliy oʻzanga asoslangan yuksak saviyali filmlar yaratilishi yoʻlida “Ilhaq” va “Xalq jasorati” singari filmlar oʻziga xos bosqich boʻlib qoladi. Hozirgi kunda esa “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Badiiy kengashi qaroriga koʻra, “Ilhaq” badiiy filmini rus tiliga dublyaj qilish va ingliz tilida titrlashtirishga ruxsat berildi.
Shoyim BOʻTAYEV,
“Oʻzbekino” Milliy agentligi Badiiy kengashi aʼzosi.