Tomorqani xazinaga aylantirayotganlar
Buxoro viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan ayni pallada mavjud barcha imkoniyatlar tomorqa xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilib, undan foydalanish madaniyati shakllanmoqda. Chindan ham eng avvalo, intilgan, astoydil harakat qilgan inson uchun tomorqa koni foyda.
Viloyatning Olot tumanidagi Xosaboyi qishlog‘ida yashovchi Ubaydillo Og‘amurodov xonadonida bo‘lgan kunimiz bunga yana bir bor ishonch hosil qildik. Chunki qahramonimiz ham issiqxona sharoitida ham ochiq maydonda oziq-ovqat ekinlaridan mo‘l va sifatli hosil ko‘tarmoqda.

– Ertangi pomidorni salmoqli bo‘lishi uchun tomchilatib sug‘orishni joriy etdik, – deydi tomorqa egasi Ubaydillo Og‘amurodov. – Mehnat qilgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Albatta, yaxshi daromad oladi. Ro‘zg‘ori but bo‘ladi.
Shu kuni tumandagi Xalifa mahallasida istiqomat qiluvchi Anvar Jumayevning ham xonadonida bo‘lib, yerdan foydalanishdagi o‘ziga xos yondashuvlarga guvoh bo‘ldik. Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbariyati tomonidan berilgan tavsiya va ko‘rsatmalar asosida ushbu xonadon egasi o‘zining shaxsiy ekin maydonidan yuqori daromad olmoqda. Ayniqsa ixcham issiqxonada 5 turdagi mahsulot yetishtirilayotganligi e’tiborimizni tortdi.

– Biz qulupnayning serhosil navini shaxsiy ekin maydonimizda yetishtirib mo‘l hosil olyapmiz, – deydi xonadon egasi Anvar Jumayev. – Bu esa ro‘zg‘orimizga yaxshigina daromad olib kelmoqda. Mehnatimiz ortidan orzu-havaslarimiz amalga oshmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, tumandagi ko‘plab xonadonlarda tomorqa haqiqiy daromad manbaiga aylantirilmoqda. Bu esa to‘kinlik poydevorini mustahakamlash barobarida bandlik muammolariga yechim bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri