“Tomorqadan suv tommasa, tomorqachi aybdormi?”
Odamzod tabiatan raqamlarga boshqacha koʻz bilan qaraydi.
“Odamzod tabiatan raqamlarga boshqacha koʻz bilan qaraydi. Masalan, hayotida boʻlajak biror-bir muhim voqeani, aytaylik, nikoh toʻyini chiroyli sonlardan tashkil topgan yilga yoxud kunga belgilashga, telefoniga ”oltin raqam“ olishga yoki mashinasiga bir xil sonlardan iborat davlat raqami taqishga intiladi. Balki hamma ham bunday emasdir. Lekin aksariyat kishilar shunday, chiroyli sonlarga qiziqadi va ahamiyat beradi. U orqali yaxshilik kelishiga ishonadi... Deylik, 5, 7, 10 raqamini xosiyatli, 13 ni esa xosiyatsiz, deb biladi... ”
“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan jurnalist Shavkat Ortiqovning “Inson matonati sinalayotgan yil” sarlavhali maqolasi ana shunday mulohazalar bilan boshlangan. “Biroq inson baribir ojiz, – deb yozadi muallif. – Boshiga qanday kunlar kelishini oldindan bilolmaydi. Baʼzan shunday kutilmagan hodisalar roʻy beradiki, natijada yaxshilik yoki yomonlikning ”tashrifi" raqamlarga aslo daxldor emasligi ayon boʻlib qoladi. Buni, mana, 2020-yil misolida ham koʻryapmiz. 2020 – qanday chiroyli raqam, shunday emasmi? Uni ulkan orzu-umidlar bilan kutib olgandik, maqsadlarimiz, niyatlarimiz boshqacha edi. Lekin amalda hammasi salbiy tomonga oʻzgarib ketdi.
Joriy yilda insoniyat shunday ogʻir sinovlarga duch keldiki, uning girdobidan hamon qutulolgani yoʻq...
... Oʻzbekistonda yashirin iqtisodiyotning darajasi biror xalqaro reytinglarda aks etmagan. Bu bizda yashirin iqtisodiyot yoʻqligidan emas, balki uzoq yillar davomida mamlakatimizda bunga masʼul idoralarning xalqaro reytinglarda qatnashmaslikni afzal bilganidadir. Xuddiki muammoni inkor qilsak, u oʻz-oʻzidan bartaraf boʻlib qoladigandek...
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Yashirin iqtisodiyot: samarali kurash uchun birlashish zarur” sarlavhali material ayni shu mavzu tahliliga bagʻishlangan. Maqola muallifi, OʻzLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Baxtiyor Yakubovning yozishicha, yashirin iqtisodiyot — ijtimoiy muammo. Aynan shuning uchun ham u bilan faqatgina davlat imkoniyatlari bilan kurashish yetarli boʻlmaydi. Jamiyatdagi boshqa kuchlar, birinchi navbatda, tadbirkorlar, keng jamoatchilik bu muammoga oʻz muammosi sifatida qarasagina, uni hal qilishda sezilarli natijalarga erishish mumkin. Demak, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot orqali bugun ularning ishiga xalaqit berayotgan muammolar nimadan iboratligini aniqlash va oʻz vaqtida bartaraf etish imkonini beradi...
Avvaliga Facebookdagi gazetamiz profilida, keyin esa shaxsiy sahifamizda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari munosabatini bilish uchun xuddi shunday savollarni oʻrtaga tashladik, – deyiladi “XXI asr” gazetasida eʼlon qilingan “Kam taʼminlangan” va “kambagʻallik” mezonlari qanday belgilanadi?" sarlavhali maqolada. – Bahs-munozara biz kutganimizdan koʻra qizgʻin tus oldi. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan koronavirus pandemiyasi sharoitida ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilib, aholiga bir martalik moddiy yordam tarqatish bilan bogʻliq jarayonlar ommaviy axborot vositalarida izchil yoritildi. Lekin hamma joyda ham ushbu mablagʻlar adolatli taqsimlanmaganligi xususida hamon tortishuvlar davom etayotir. Xoʻsh, kim haq, kim nohaq? Materialda ushbu savolga mutasaddilar, ekspertlar, jurnalistlar va jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari keltirilgan...
“Mahalla” gazetasida “Tomorqadan suv tommasa, tomorqachi aybdormi?” nomli maqola eʼlon qilingan. Unda qayd etilishicha, pandemiya sharoitida aholining tomorqadan yana-da samarali foydalanishi lozimligi keng targʻib qilinyapti. Toʻgʻri, sinovli kunlar kelganda, mamlakat oldida oziq-ovqat zaxirasini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini oʻylash muhim boʻlgan pallada tomorqadan foydalanmay, uni qarovsiz tashlab qoʻyish qaysidir maʼnoda xiyonatdek koʻrinadi. Shunday kishilar ham yoʻq emas. Ammo...“ Suv masalasi hozirda ham jiddiy muammo boʻlib, aholi oʻrtasida olib borilgan oʻrganishlar irrigatsiya tizimining katta islohotlarga muhtojligini koʻrsatadi, – deb yozadi material muallifi Sanjar Ismatov. – Sababi, ilgari toʻlib-toshib oqqan ariq, kanal, zovurlarning koʻpi bugun koʻmilib ketgan. Shaharlarda ham, qishloqlarda ham xonadonlar, mahalla ichidan oqib oʻtadigan ariqlar aholi tashlagan chiqindi yoki noqonuniy qurilmalar oqibatida yoʻqolib ketgan...”
* * *
Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.