Tomorqadan foydalanish aholi daromadini oshirmoqda
Yurtboshimizning joriy yil 5 martdagi “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tizimdagi ishlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Qaror ijrosini ta’minlashda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Buxoro viloyati Jondor tumani bo‘limi yangi tashabbuslar bilan maydonga chiqmoqda.
Ayniqsa, soha mutaxassislari qish faslida ham ixcham issiqxonalar orqali eksportbop va serdaromad mahsulotlar yetishtirish uchun aholi bilan doimiy muloqotlar tashkil etgan. Tumanning Obod mahallasiga qarashli Istiqbol qishlog‘ida yashovchi Halim Majidovning tajribalarini o‘rganish, issiqxona sharoitidagi ezgu va xayrli ishlarni tatbiq etish ham soha rivojida muhim o‘rin tutadi.
– Men tomorqaning har bir qarichini hisob-kitob qilaman, – deydi tomorqa egasi Halim Majidov. – Bodringni avgustning oxiri, sentyabrning boshida ekkanman. Shu kungacha 500 kg mahsulotni bozorda sotdim. Ochiq maydonda esa sarimsoqpiyoz parvarishlandi. Hozir sarimsoqpiyoz ham sotuvga tayyor bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 fevraldagi “Limonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandan so‘ng o‘tgan 4 yil davomida Buxoro viloyatida aholi ixtiyoridagi ixcham issiqxonalarda limon yetishtirishga e’tibor yanada oshdi. Masalan, Jondorning Obod mahallasiga qarashli Obod qishlog‘ida yashovchi G‘afur Ashurov limonchilik hadisini olgan. U limonchilikda salmoqli natijalarga erishmoqda.
– Yetti yildan buyon issiqxona sharoitida limonchilik bilan shug‘ullanib kelyapman, – deydi tomorqa egasi G‘afur Ashurov. –140 tup limon daraxtimiz bor. Hozir uzilgan limonni uy sharoitida to mart oyigacha saqlash mumkin. Limon har jihatdan ham foydali, shifobaxsh meva hisoblanadi. Barcha orzu -havasimiz shu tomorqa orqali amalga oshmoqda.
Peshku tumanidagi Bobohoji qishlog‘ida aholi tomonidan mevali daraxt ko‘chatlarini yetishtirish asosiy drayver sanaladi. Ayniqsa, bu yerda ko‘chatlar meva danagidan ko‘paytirilib, serhosil, sifatli meva navlariga payvand qilinadi. Buni Tanirut qishlog‘ida yashovchi Sodiq Akramovning ish tajribasidan ham bilsa bo‘ladi. Yaqinda Respublika Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillaridan iborat ishchi guruh ushbu xonadonda bo‘lib, ko‘chat yetishtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Mazkur xonadondagi ish usullarini boshqa hududlarga keng tatbiq etish yuzasidan soha vakillariga tavsiya, ko‘rsatma va maslahatlar berildi.
– O‘ttiz sotiq tomorqa yerda niholchilik bilan shug‘ullanaman, – deydi Sodiq Akramov. – Ayni kunda 50 mingta tayyor mevali payvand qilingan daraxtl bor. Keyingi yil uchun ham 50 mingta payvandlangan mevali daraxtni parvarishlayapman. Bo‘sh tomorqa yerga to‘qsonbosti asosida sarimsoqpiyoz va sholg‘om ekdik.
[gallery-20287]
Mutaxassislar tomonidan olib borilgan o‘rganish va kuzatuvlarga qaraganda, so‘nggi yillarda Buxoroning iqlim va tuproq sharoitida oziq- ovqat mahsulotlari sifati va salmog‘i ochiq maydonlardan ko‘ra, issiqxona sharoitida yuqori bo‘lmoqda. Shuning uchun bo‘lsa kerakki, birgina G‘ijduvon tumanida katta-kichik issiqxonalar soni keyingi 5 yilda ikki barobarga ko‘paydi. Tumandagi Todon qishlog‘ida yashovchi zahmatkash va fidoyi ayol Nigora Qilichevaga qarashli ixcham issiqxonada bodring va limondan olinayotgan hosil salmog‘i ham buni isbotlamoqda. Tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va “Mahalla yettiligi” ushbu xonadon tajribalarini targ‘ib qilmoqda.
– Issiqxonada limon, mandarin, apelsin kabi mevalarni yetishtiryapmiz, – deydi tomorqa egasi Nigora Qilicheva. – Shu bilan birgalikda bodring ekkanmiz. Ayni kunda bodringni bozorga olib chiqyapmiz. Bodringning tagiga kartoshka ekishni rejalashtirganmiz. Dasturxonimiz servitamin mahsulotlarga to‘la.
Vobkent tumanidagi Shohnigor mahallasida yashovchi Qo‘chqorovlar xonadonida esa nafaqat oila dasturxoni ko‘katlar bilan to‘kin bo‘lyapti, balki, bozorga ham mahsulot chiqarilmoqda.
– Issiqxona tashkil etganimizga 6 yil bo‘ldi, – deydi tomorqa egasi Shavkat Qo‘chqorov. – Har yili 3-4 marta hosil olamiz. Oila a’zolarimizning barchasi tomorqada ish bilan band. Issiqxona koni foyda. Mehnat qilsangiz, daromad olasiz.
Issiqxona sharoitida mahsulot yetishtirishda Kogon tumani Tutkunda hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor dehqonlarning olib borayotgan ishlari ham tahsinga loyiq. Bu yerda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishda istiqbolli loyihalar amalga oshirilib, yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Buning uchun davlatimiz tomonidan qulay imkoniyat va zarur imtiyozlar yaratilganligi issiqxona egalarining og‘irini yengil qilmoqda.
Tumanda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi hamda Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tuman bo‘limi o‘zaro hamkorlikda hududda tadbirkorlarning tashabbuslarini doimiy qo‘llab-quvvatlamoqda.
Muxtasar aytganda, Buxoroda oziq-ovqat xavfsizligi yo‘lida, qolaversa, yil davomida ichki bozorlarda yerdan olinayotgan servitamin mahsulotlar narxining barqarorligini ta’minlash hamda aholi bandligi yuzasidan ko‘lami katta ishlarga qo‘l urilmoqda. Bularning barchasi aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari