Tomorqachilik yaxlit tizimga aylandi
Qishloq xo‘jaligi
Avvalgi qishloq aholisi bilan bugungi qishloq odamlari haqida gap borganida, ularning hayot tarzi, yashash darajasi, daromadida sezilarli farq yuzaga kelgani ko‘zga tashlanadi. Avvalo, xalqimizda bo‘sh yer maydonlaridan unumli foydalanish, kichik tomorqadan ham yaxshigina daromad olish ko‘nikmasi shakllandi. Bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘lgani yo‘q, albatta. So‘nggi yillarda mamlakatimizda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada o‘z tomorqasida ekin-tekin ekib, undan foyda olish ko‘pchilik yurtdoshlarimizning asosiy daromad manbaiga aylandi.
Yurtimizda 5,5 milliondan ortiq tomorqa yer egalari 508 ming gektar yer maydonlarida dehqonchilik qilmoqda. Xonadon tomorqasida har kim o‘z imkoniyati, ixtiyoriga qarab mahsulot yetishtiradi. Talabgorlar orasida meva-sabzavotchilikka qiziqadiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayrimlar bu ish bilan avvaldan shug‘ullanib kelgan bo‘lsa, ba’zilar tajribali dehqonlardan ishning hadisini olib, so‘ng jarayonga kirishadi.
Asosiysi, vaqtini ham, hovlidagi yer maydonini ham bo‘sh qoldirmay, oilasi daromadiga hissa qo‘shadi. Ana shunday talablar asosida joriy yil erta bahorda respublika bo‘yicha 2 million aholi xonadoni tomorqalariga jami 14,2 million dona mevali ko‘chatlar ekish ishlari tashkillashtirildi.

Ko‘chatlar orasida uzum deysizmi, olma yoki shaftolimi bari topiladi. Jami ekilgan mevali ko‘chatlarning turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, tok 42 foiz, olma 10,2, o‘rik 9,3, gilos 5,8, anor 5,3, shaftoli 4,4, nok 3,9, behi 3,7, limon 3 va boshqa daraxt turlari 12,1 foizni tashkil etdi. Odamlar daromadga ega bo‘lsin, deya tadbirkorlar ham bu ishlarga o‘z hissasini qo‘shdi. 668,1 ming tup mevali daraxt ko‘chati hududlarda faloliyat yurtayotgan fermer xo‘jaliklari, tomorqa xizmati korxonalari va tadbirkorlar tomonidan aholiga arzon narxlarda yetkazib berildi.
Xonadon tomorqalaridan foydalanishning yana bir samarali usuli issiqxonalar tashkil etish hisoblanadi. Bu orqali ham yaxshigina daromad, ham yiliga 2-3 marta hosil olish mumkin. Oila a’zolardan tashqari, qo‘shimcha bir necha kishini ish bilan ta’minlash imkoniyati ham bor.
Yangi ish o‘rinlari yaratish, ayrim insonlardagi boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish, ularni tadbirkorlik sohasiga, aholini shaxsiy tomorqadan samarali foydalanishga keng yo‘naltirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida 152,4 ming xonadondagi jami 2 591 gektar maydonga ixcham issiqxonalar qurib berildi. Ayni paytda respublikamizdagi 696,9 mingdan ziyod xonadonda ixcham issiqxonalar mavjud bo‘lib, aholi ularda mehnat qilib, ro‘zg‘origa qo‘shimcha daromad kirityapti.
Jumladan, Paxtachi tumanida istiqomat qiluvchi Nodira Egamberdiyeva, Zokir Eshtanov, Berdulla Egamberdiyev, Vahob Norqulovlar ixcham issiqxonada mahsulot yetishtirib, o‘rtacha 50-80 million so‘mdan daromad olmoqda.
Ahamiyatlisi, bunday issiqxonalarni qurib, aholiga imtiyozli kreditlar asosida topshirishda “Tomorqa xizmati” MCHJ korxonlarining hissasi katta bo‘lyapti.
Hududlarda tomorqa bilan ishlaydigan, aholiga moddiy resurslarni yetkazib beradigan, moliyalashtiradigan va ekin ekishni nazorat qiladigan tizim yaratilib, “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi aholiga dehqonchilik ishlarini boshlashda katta ko‘mak bermoqda.
2018 yilda sinov tariqasida ilk bor tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” korxonalariga yil sayin talab ortib borayotir. 2020 yil 30 iyunda qabul qilingan “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan respublikamiz bo‘ylab 3 mingdan ortiq “Tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bunday korxonalar ish boshlagan ilk kunidanoq aholiga ko‘makchi bo‘lib, odamlarning tomorqalarga ekin ekish, olingan hosilni xaridorga yetkazguniga qadar ularga ko‘makdosh bo‘lib kelmoqda. Joylarda aholi tomorqa yerlarini shudgorlash, zarur urug‘lik va ko‘chat yetkazib berish, xonadonlarga ixcham issiqxona qurib berish, echki, qo‘y, parranda, asalari uyalari, quyon yetkazib berish kabi xizmatlarni “Tomorqa xizmati” korxonalari orqali tashkil etish yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘z navbatida, xalqqa xizmat qilib, ularning mushkulini oson qilayotgan bunday korxonalar O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, 2024 yilning so‘ngi o‘tgan 6 oyi davomida “Tomorqa xizmati” korxonalarida 417 ta meva-sabzavotlarni sovutish ombori, 607 ta saqlash ombori, 403 ta mevani saralash, qadoqlash, quritish va qayta ishlash liniyalari tashkil qilindi. Mazkur yo‘nalishlar uchun Kengash huzuridagi jamg‘armadan 378.2 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
Soha rivojida klasterlar faoliyati muhim drayverga aylanayotgani sir emas. Qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlari qatorida o‘tgan yildan boshlab “Tomorqa xizmati” klasterlari ham tashkil etilyapti. Xususan, ayni vaqtda meva-sabzavot ko‘p yetishtiriladigan tumanlarda 12 ta yo‘nalish bo‘yicha 68 ta tomorqa xizmati klasteri ish olib bormoqda. Ular tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, do‘konlarga yetkazib berish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash sexlarini tashkil etish jarayonlarini umumlashtiradi.
Umuman, bugun ish faoliyatini olib borayotgan ko‘pgina “Tomorqa xizmati” MCHJlar mavjud imkoniyatlardan foydalanib, aholi tomorqalarida yetishtirilgan hamda klasterlar tomonidan qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini ichki bozorlarimizdan tashqari, xorijga eksport qilishga ham erishyapti.
Jumladan, 30 ta “Tomorqa xizmati” korxonasi tomonidan 15 million dollarlik 65.7 ming tonna mahsulot Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Rossiya, Ukraina, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Xitoy, Malayziya va bir qator Yevropa malakatlariga jo‘natildi.
Yer olib, ekin ekkan bilan hosil mo‘l bo‘lavermaydi. Yaxshi natijaga erishish uchun bilim, tajriba zarur. Hududlarda mahallabay ishlash tizimi, uyma-uy yurish orqali targ‘ibot ishlarini olib borish, mahallalarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ishlarning tizimli yo‘lga qo‘yilishi aholiga qulaylik yaratyapti.
Ushbu tizim natijasida respublika bo‘yicha 5 ming 145 ta mahalla muayyan bir turdagi mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirildi. Shu tariqa, sabzavotchilik, kartoshkachilik, mevachilik va bog‘dorchilik, chorvachilik, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlar mahallalar miqyosida rivojlantirilyapti.
Xonadonlarning bir mahsulotni yetishtirishga ixtisoslashishi qator afzalliklarga ega. Avvalo, “Tomorqa xizmati” MCHJlar tomonidan bitta mahallaga bir mahsulot urug‘i yoki ko‘chati yetkazib berilishi hisobiga xonadonlar egalarining ham vaqti, ham naqdi tejaladi. Mahsulot pishib yetilganidan keyin ham xaridor topishda muammolar bo‘lmaydi. Bir mahsulotni katta hajmda oluvchi xaridorlar doim topiladi.
Birgina, ertaki kartoshkaning plyonka ostiga ekilishi hisobiga mahsulot narxi o‘sishining oldi olinmoqda. Avvaldan kartoshkachilik bilan shug‘ullangan xonadon egalarining ham yangicha tizim ortidan ko‘proq daromad olish imkoniyati oshadi.
Zafar Mirzaahmedov,
O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va
tomorqa yer egalari kengashi yetakchi mutaxassisi
O‘zA