Tomorqachilik – farovonlik omili
Qo‘rg‘oncha – Yozyovon tumanidagi obod va farovon qishloq. Bu hudud haqida gap ketganda, barcha qishloqning o‘ziga xos hayot tarzi, mehnatsevar, fidoyi insonlari haqida jo‘shib so‘zlaydi.
Qo‘rg‘oncha – Yozyovon tumanidagi obod va farovon qishloq. Bu hudud haqida gap ketganda, barcha qishloqning o‘ziga xos hayot tarzi, mehnatsevar, fidoyi insonlari haqida jo‘shib so‘zlaydi. Ayniqsa, istiqlol yillarida qishloq yanada chiroy ochib, zamonaviy qiyofa kasb etdi. Bir-biridan ko‘rkam inshootlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, keng va ravon yo‘llar, ko‘cha bo‘yidagi turfa gullar bahri dilingizni ochadi.Yoshi katta yurtdoshlarimiz yaxshi eslaydi. Bir paytlar tomorqasida yetishtirgan mahsulotini sotaman deb, qo‘liga kishan solinganlar qancha edi. Oila daromadi degan tushunchalar yo‘q edi. Mustaqillik tufayli o‘z erkimizga, o‘z yerimizga ega bo‘ldik. Bugun tomorqachilikda o‘ziga xos maktab yaratib, yaxshi daromad topayotgan minglab oilalar farovon hayot kechirmoqda. Farg‘ona viloyatining Oltiariq, Rishton, Beshariq, Quva kabi tumanlaridagi qishloqlarda ko‘plab oilalar kaftdek yerdan samarali foydalanib, oilasini ham, bozorni ham arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlamoqda. “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘ini xuddi shulardan biri.
Mazkur mahallada yashovchi To‘lqin Toshpo‘latovlar oilasi tomorqadan unumli foydalanishda ko‘pchilikka ibrat. Xonadon egalari tomorqada asosan sabzavot va ko‘kat yetishtiradi. Qishning qahri ketib ulgurmay tomorqadagi ishlarini boshlab yuboradigan bu mirishkorlar ertapishar kartoshkadan yuqori hosil oladi. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, bu yil ana shu ekindan 3 million so‘mdan ziyod foyda olindi. Kichik bog‘ni eslatadigan turli-tuman mevali daraxtlar shoxi hosil ko‘pligidan egilgan.
Tomorqada limonchilik ham rivojlanayotir. Besh sotix maydondagi limon ko‘chatlari bu yil hosilga kirdi. Bundan tashqari, chorvachilik va parrandachilikda ham yetarli tajriba to‘plangan.
To‘g‘risini aytganda, markaziy Farg‘ona yerlarida dehqonchilik qilib, mo‘l hosil yetishtirishning o‘zi bo‘lmaydi. Qumloq yerda giyoh undirish, parvarishlash ko‘p mehnat, bilim va sabr-toqat talab etadi. Masalan, dalani ekinga tayyorlashda kuzgi shudgorning ahamiyati katta. Sug‘orish kunning issig‘ida amalga oshirilsa, hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois bu yerda ekinga kechki salqin yoki tong saharda suv taraladi. Natijada namlik uzoq saqlanib, hosildorlik salmog‘i oshadi.
– Aholi tomorqa maydonlari 90 gektarni tashkil etadi, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abduxalil Ehsonov. – Tomorqachilik to‘kin-sochinlik, farovonlik manbai ekanini mahalla ahli yaxshi biladi. Aksariyat xonadonlar kaftdekkina tomorqadan yiliga uch-to‘rt marta hosil oladi, dehqonchilikning samarali usullari tezda ommalashadi. Tomorqada ertapishar kartoshka, karam, pomidor, sabzi, piyoz, turli ko‘katlar yetishtiriladi. Joriy yilning o‘zida 13 xonadonda limonchilik yo‘lga qo‘yildi. Kamchiqim, ammo serdaromad hosil olishning ushbu intensiv usuli ortidan to‘kin yashayotgan, aholiga nafi tegayotgan mirishkorlar ko‘payib bormoqda.
“Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Begali Jabborov mo‘l va sifatli limon yetishtirishning hadisini olgan. Suyagi mehnatda qotgan dehqon 16 sotix tomorqasida limondan har yili 10 million so‘mdan ziyod sof daromad olayotir. Mahmudjon Kabirov ham mahalladoshiga ergashib limon yetishtirib kam bo‘lgani yo‘q. Eng muhimi, bu kabi ishlarni Qo‘rg‘onchadagi har bir xonadon tomorqasida kuzatish mumkin.
– Limon ko‘chatlari uch yilda hosilga kiradi, – deydi Begali Jabborov. – Shu yillar davomida limon tagida turli sabzavot ekinlari parvarishlanadi. Hatto qish faslida ham turli osh-ko‘k, ziravor yetishtirib bozorga chiqarish mumkin. Mehnatga yarasha daromad deganidek, ter to‘kkan kishining oilasi to‘kis va farovon yashamoqda.
Qo‘rg‘oncha ahlining tomorqachilik madaniyati yuksalib borayotgani nafaqat aholi bandligini ta’minlashga, balki oilalar farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotir.