Tomorqa – yuqori daromad manbai
BMT xalqaro tashkiloti ham bugun oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni taqsimlash boʻyicha yondashuvni mutlaqo oʻzgartirish vaqti kelganini taʼkidlamoqda.
Munosabat
BMT xalqaro tashkiloti ham bugun oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni taqsimlash boʻyicha yondashuvni mutlaqo oʻzgartirish vaqti kelganini taʼkidlamoqda.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 8-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3-marta ekin ekish va qoʻshimcha hosil olish birinchi darajali vazifa boʻlishi alohida taʼkidlandi. Albatta, bu hozir eng toʻgʻri yoʻl hisoblanadi. Zero, bugungi zamonning oʻzi shuni talab qilmoqda. Yiliga yarim million nafardan koʻpayib borayotgan mamlakatimiz aholisi roʻzgʻorining butligiga erishish yoʻli ham shunda.
Shu maʼnoda pandemiya tufayli yurtimizda eʼlon qilingan qatiy karantin vaqtida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan birlamchi talabini qondirish, ichki bozorda narx-navoni oshib ketmasligi koʻp jihatdan tomorqalardan qanchalik oqilona foydalanishimiz, kichik boʻlsa-da tadbirkorlik bilan shugʻullanishimizga bogʻliq.
Ayni shu kunlarda koʻpchilik fuqarolarimiz vaqtini asosan oila davrasida oʻtkazyapti. Bu karantin qoidalariga rioya qilish bilan birga, xonadonidagi mavjud tomorqada ishlash uchun ham yaxshi imkoniyat. Agar har bir xonadonda roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirilsa, avvalo, kelgusida bu mahsulotlarga boʻlgan ehtiyoj qondiriladi, bozorlarda narx-navoning asossiz ravishda oshib ketishining oldini olinadi.
Xalqimiz yildan-yilga dehqonchilikka ilmiy asosda yondashib, bozor talablari hamda ehtiyojlaridan kelib chiqib mahsulot yetishtirishning innovatsion usullarini joriy etmoqda. Gidroponika usulidagi issiqxonalar, intensiv bogʻlar yaratish, meva-sabzavotlarni saqlash uchun zamonaviy sovitish tizimiga ega omborlar qurish borasida ilgʻor texnologiyalar tadbiq qilinayotgani bunga misol boʻla oladi. Biroq, mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻliq taʼminlash borasida juda katta eksport salohiyatiga ega boʻlgan tomorqa xoʻjaligi imkoniyatlaridan viloyatimizda toʻliq foydalanilmayapti.
Xalqimiz azaldan dehqonchilikda, bogʻ yaratish ishlarida namuna boʻlib kelgan. Bugungi kunda koʻpchilik oʻz tomorqasidan samarali foydalanib, bir yilda 3-martagacha hosil olayotganlar ham oramizda koʻplab topiladi. Masalan, bu borada qiziltepaliklarda ham katta tajriba toʻplangan. Tumanda 28 ming 304 nafar tomorqa yer egalari tomonidan 2333 gektar yer maydonida bahorgi ekin ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Tumanda 1,5 ming gektar maydonda toʻqsonbosti usulda sabzavot ekinlari yetishtirilayapti. Toʻgʻrisini aytganda hamma ham yerlardan oqilona foydalanmayapti. Unga bitta bahona suv kamligi, “ekkan ekinlarimiz saratonda suv yetishmasligidan qurib qoladi” deya roʻkach qilinishi tabiiy. Shu maqsadda bu yil aholi talablaridan kelib chiqib 400 ta quduq qazilib, nasoslar oʻrnatilib beriladi.
Aslida tomorqa rizq-roʻz, qoʻshimcha daromad manbai, bandlikni, arzonchilikni taʼminlashning samarali yoʻli ekanligini unutmasligimiz lozim. Muhimi, bir joyda toʻxtab qolmaslik. Joylarda targʻibot-tashviqot ishlarimizda bunga alohida eʼtibor qaratishni unutmasligimiz, sinovli damlarda hammamiz bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak.
Ulugʻbek FAYZIYEV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi,
“Zarafshon Golden Group” kompaniyasi taʼsischisi