Tomorqa – xazina yoki pudinalik anorchilar
Qashqadaryoning saxovatli zaminida yetishtirilgan meva va sabzavotlar xushta’mligi bilan ajralib turadi. Quyoshning beminnat zarrin nurlari ostida yetilib pishgan bunday mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham xaridorgir.
Anorchilik viloyatning barcha tumanlarida ham yaxshi rivojlangan. Ayniqsa, Kitob tumanidagi Varganza qishlog‘i anorlarining dovrug‘i butun dunyoga ketgan. Viloyatning Koson tumanida ham yana bitta manzil borki, anorchilik borasida Varganzadan qolishmaydi. U Pudina qishlog‘idir. Mazkur qishloqdagi deyarli har bir xonadonda anorzorlar bor.
Ushbu qishloqda yashovchi Anvar Ostonov aslida bank sohasida faoliyat ko‘rsatadi, ammo bo‘sh vaqtida tomorqada anorchilik bilan shug‘ullanadi. Anorchilik unga otakasb. Oila a’zolari bu borada unga haqiqiy ko‘makchi.
– Tomorqamizda 100 tup anor bor, – deydi A.Ostonov. – Oila a’zolarimiz bilan anorzordan chiqmay mehnat qilamiz. Rosti, anor yetishtirishning mehnati biroz mashaqqatli. Ammo rohati juda yaxshi. Bolaligimdan dehqonchilikka mehrim baland. Boisi, otam o‘zi o‘qituvchi bo‘lsa-da muntazam dehqonchilik bilan shug‘ullanardi. Shu tufayli bizning ham mehnatda suyagimiz qotgan. Shuning ortidan oliy o‘quv yurtlarida o‘qidek, yaxshi ta’lim oldik. Bugun otamning ishlarini davom ettirib, farzandlarimga ham o‘rgatyapman.
– Anorchilikdan qancha daromad olasiz, agar sir bo‘lmasa? – so‘raymiz undan.
– Mehnatga yarasha rohati ham bor, – deydi bog‘bon. – Anorning varganza, dashtnobod, oqpishar, shirindona navlaridan ekkanmiz. Ulardan yiliga 2 tonnaga yaqin hosil olamiz. Bundan tashqari, 2 gektar olchazorimiz ham bor. Undan ham 4-5 tonna olcha teramiz. Endi daromad masalasiga kelsak, biz yetishtirib beramiz, yangangiz sotadi. Umumiy hisobda bog‘dorilik mahsulotlaridan yiliga 50-60 million so‘m daromad olamiz.
Pudinaliklar terilgan anorlarni saqlashda ham jaydari, ammo o‘ta samarali usuldan foydalanishadi. Buning uchun yomg‘irdan pana joyda maxsus chuqur qazilib, ichi beton qilinadi. So‘ng qum elakdan o‘tkazilib, quritiladi va bir qavat qum, bir qavat anor joylashtiriladi. Bunday usulda saqlangan anorlar o‘z sifatini yo‘qotmaydi va bahor oylarigacha turadi.
Sersuv va yirik-yirik anor mevalarini ko‘tarolmay qolgan shoxlar egilib qolgan. Anorni bunday sifatli yetishtirish sirlarini dehqondan so‘raymiz.
– Anor uchun eng muhim oziqa chorva go‘ngidir, – deydi u. – Hovlimizdagi chorvadan chiqqan go‘ng maxsus chuqurda chiritiladi. Qishda anorlarni ko‘mishdan oldin atrofi ochilib, kokil tomirlari kesiladi va chirigan go‘ng solinadi. Keyin erta bahorda anorlar ochilgach, juyaklarini to‘ldirib go‘ng solamiz. Suvini vaqtida qo‘yamiz. Bundan tashqari, bahorda gullagan birinchi gullarni hosil uchun qoldiramiz. Keyingi oylarda g‘unchalagan gullarini chilpib tashlaymiz. Shunday qilinsa, hosili kamroq, ammo yirik-yirik bo‘ladi.
[gallery-14000]
Albatta, bunday anorlar xaridorgir bo‘ladi. ushbu qishloqqa eng yaqin katta bozor “Yerqo‘rg‘on”dir. Ushbu bozorni anor bilan aynan Pudina qishlog‘i anorchilari ta’minlaydi.
– Sentyabr oyining oxiridan to bahor oylarigacha anorlarimizni ushbu bozorda sotamiz, – deydi bog‘bonning turmush o‘rtog‘i Nafosat Umirova. – Bozor yaqin, yo‘l mashaqqati qiynamaydi. Shukr, daromadi ham yomon emas.
Darhaqiqat, tomorqa xazina deydilar. Hovlisidagi bir parcha yerni ham gullatib qo‘yib, anor yetishtirib, oila byudjetiga daromad olib kirib, farovon turmush kechirayotgan mehnatkash insonlar hayoti barchaga o‘rnak. Bunga pudinalik anorchilar faoliyati yaqqol misol.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/gBi3ei8msSA" title="Томорқа – хазина ёки пудиналик анорчилар" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe> O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari.