Tomorqa qo‘shimcha daromad manbai
Navoiy viloyati Xatirchi tumanining Dehqonobod mahallasida “Aholi tomorqasi va ijara yerlaridan samarali foydalanish, ekinlarni to‘g‘ri tashkil etish” mavzusida o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi.
Bugungi kunda aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada joylarda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, ayniqsa, tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanishga qaratilgan tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminarda viloyatning tuman va shaharlaridan kelgan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari rahbarlari, shuningdek, mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari ishtirok etdi.
Tadbirda asosiy e’tibor aholi tomorqalaridan unumli foydalanish masalasiga qaratildi. Mutaxassislar tomonidan tomorqa yerlariga bozorbop ekinlarni joylashtirish, mavsumdan kelib chiqib ekish tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va yil davomida 2-3-marta hosil olish imkoniyatlari haqida atroflicha tushunchalar berildi.

Shuningdek, uchrashuvda “E-auksion” orqali ajratilgan ijara yerlaridan samarali foydalanish masalalari ham muhokama qilindi. Yoshlar va ishsiz fuqarolarga berilgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishni to‘g‘ri tashkil etish, yerdan oqilona foydalanish va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Seminar doirasida bandlikni ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Hokim yordamchilari tomonidan aholini tadbirkorlikka jalb etish, ularga subsidiya va imtiyozlar ajratish orqali daromad manbalarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Tadbir davomida mahalladagi namunaviy xonadonlarda tashkil etilgan issiqxona xo‘jaliklari, intensiv ekish usullari va zamonaviy agrotexnologiyalar ishtirokchilarga amalda ko‘rsatib berildi. Bu esa ularga o‘z hududlarida ham ushbu tajribalarni joriy etish imkonini beradi.
Seminar yakunida soha mutasaddilari va hokim yordamchilariga aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan aniq tavsiya va topshiriqlar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri