Tomchilatib sug‘orish usulining afzalliklari ko‘p
Iqlim o‘zgarishi tobora kuchayib, suv resurslariga bo‘lgan bosim ortib borayotgan bugungi kunda qishloq xo‘jaligida suvdan oqilona va samarali foydalanish hayotiy zaruratga aylandi. Agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali nafaqat mavjud resurslarni asrash, balki yer unumdorligi va hosildorlikni oshirishga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu jarayon zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etayotgan ilg‘or korxonalar tajribasi bilan yanada mustahkamlanmoqda.
Bu borada BMB Holding tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq. Kompaniya Jizzax viloyatining qator tumanlarida yer unumdorligini oshirish, barqaror hosildorlikni ta’minlash hamda suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanishga qaratilgan innovatsion agrotexnologiyalarni keng joriy etmoqda. Bunday yondashuv nafaqat tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, balki qishloq xo‘jaligida zamonaviy ish yuritish madaniyatini qaror toptirishga ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Xo‘jalikning aksariyat maydonlarida Polsha ilmiy laboratoriyalarida yaratilgan AgroNanoGel® Basic gidrogeli qo‘llanilayotgan bo‘lsa, ayrim lalmi hududlarda tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu texnologiya ekinlarni zarur miqdordagi suv bilan uzluksiz ta’minlash, har bir tomchi suvdan oqilona foydalanish hamda namlikni uzoq muddat saqlash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Tomchilatib sug‘orish usulining asosiy afzalligi shundaki, suv bevosita o‘simlik ildiziga yetkaziladi. Bu esa suv sarfini sezilarli darajada kamaytirish, namlikdan foydalanish samaradorligini oshirish, ekinlarning barqaror o‘sishi uchun qulay muhit yaratish va yuqori hosildorlikka erishish imkonini beradi. Shu bilan birga, mehnat hamda energiya resurslari tejaladi, ishlab chiqarish xarajatlari qisqaradi va dehqonchilikning iqtisodiy samaradorligi yanada ortadi.
Mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni keng ommalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani bu sohadagi islohotlarga yangi sur’at bag‘ishlamoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va suvdan foydalanish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berilgan.

BMB Holdingda amalga oshirilayotgan ishlar mazkur qarorda belgilangan vazifalarning amaldagi ifodasi sifatida e’tiborga molik. Korxonada joriy etilayotgan innovatsion agrotexnologiyalar resurs tejovchi yondashuvlar qishloq xo‘jaligida yuksak samara berayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu esa ilg‘or texnologiyalar va oqilona boshqaruv yechimlari orqali agrar tarmoqning barqaror rivojlanishini ta’minlash mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Suvni tejash bugungi kunda faqat iqtisodiy manfaat yoki ishlab chiqarish samaradorligini oshirish vositasi emas. U kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyat, tabiatga ehtirom va mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning muhim shartidir. Shu ma’noda BMB Holding tomonidan joriy etilayotgan tomchilatib sug‘orish tizimi hamda innovatsion agrotexnologiyalar har bir tomchi suvning qadrini oshirish, hosildorlikni yuksaltirish, tabiiy resurslarni asrab-avaylash va raqobatbardosh qishloq xo‘jaligini shakllantirish yo‘lidagi amaliy sa’y-harakatlarning yorqin namunasi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri