“To‘maris avlodlari –2024” tanlovi g‘oliblari
Bugungi kunda opa-singillarimizning Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgani e’tirofga loyiq. Ular Vatanimiz sarhadlarini yigitlar bilan bir safda turib qo‘riqlamoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tizimida faoliyat yuritayotgan mana shunday vatanparvar, faxrlansa arzigulik opa-singillarimiz Quvasoy shahrida “To‘maris avlodlari –2024” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichlarida bahs olib bordi.
Unda Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridan kelgan xotin-qizlar ishtirok etdi. 6 shartdan iborat tanlov chegara sohasida xizmat qilayotgan iste’dodli, zukko, harbiy tayyorgarligi yuqori bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlashga qaratildi. Unda ayollarning nafaqat aqliy salohiyati, balki jismoniy epchilliklari ham sinovdan o‘tkazildi. Tanlovda muqaddas Vatanimizni sharaflovchi turli she’rlar aytildi, qo‘shiqlar kuylandi, jinoyatchilikka qarshi kurashishga undovchi sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
[gallery-15714]
Bilamizki, DXX Chegara qo‘shinlarida xizmat qilish uchun jismonan baquvvat, aqlan ziyrak hamda chuqur bilim egasi bo‘lish lozim. Aynan harbiy xizmatchi ayollarning mazkur shart bo‘yicha ham bilimlari sinab ko‘rildi. Savol-javob yo‘nalishida o‘tgan shartda ishtirokchilarga harbiy, tarixiy, siyosiy hamda geografik yo‘nalishlarga oid savollar berildi. 4 ta shartdan namunali o‘tgan ishtirokchilar pazandachilik yo‘nalishida ham mahoratini ko‘rsatdi.
Hakamlar hay’ati tomonidan sinovlar 10 ballik mezon asosida baholab borildi. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilar orasidan ,,To‘maris avlodlari –2024” ko‘rik- tanlovining saralash bosqichida 3-o‘rinni Andijon viloyati vakili qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘rin So‘x tumanidan kelgan ishtirokchiga nasib etdi. Faxrli 1-o‘rinni Farg‘ona viloyatidagi harbiy qismda xizmat qilayotgan Maftuna Ashuraliyeva egalladi.
Mazkur tanlov g‘olibasi poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan Respublika bosqichida vodiy sha’nini himoya qiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri