To‘lanmay qolgan ish haqi undirib berildi
Qashqadaryo viloyatida “Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori” aksiyadorlik jamiyatida ishlagan bir guruh fuqarolarning ish haqi masalasi hal etildi.
Viloyat adliya boshqarmasiga kelib tushgan murojaatda fuqarolar so‘nggi 6-8 oydan buyon ish haqi to‘lanmayotganligidan norozilik bildirgan. Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida fuqarolar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingani, shu bilan birga, ularning 6 oylik ish haqi to‘lanmay qolgani aniqlandi.
Vaziyatni huquqiy hal etish maqsadida adliya boshqarmasi tomonidan 2025 yil 15 yanvar kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Sud tomonidan 2025 yil 27 mart kuni fuqarolar manfaatida hal qiluv qarori qabul qilindi hamda “Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori” AJdan jami 31 million 533 ming so‘m ish haqi undirib berish belgilab qo‘yildi.
Mazkur holat fuqarolarning mehnat huquqlari muhofaza qilinishini ta’minlashda adliya organlari tomonidan olib borilayotgan tizimli ishlar samarasi sifatida qayd etiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri