"Tokio–2020" yakunlari sarhisob qilindi
Matbuot anjumani
Poytaxtimizdagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida "Tokio–2020" yakunlari hamda 24 avgust – 5 sentyabr kunlari Yaponiyada o‘tkaziladigan Paralimpiya o‘yinlari oldidan matbuot anjumani tashkil etiladi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, o‘ta murakkab epidemiologik vaziyatda o‘tgan olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari 3 ta oltin va 2 ta bronza medalini jamg‘arib, dunyoning 206 davlatlari orasida 32-o‘rinni egallashi o‘zbek sportining keyingi 5 yillikdagi ulkan g‘alabasi. Olovqalb sportchilarimizning matonati evaziga O‘zbekiston Osiyo davlatlari orasida beshinchi, MDH mamlakatlari mundarijasida ikkinchi, turkiy davlatlar va Markaziy Osiyo mintaqasida 1-o‘rindan joy egallashi eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik to‘yiga munosib to‘yona bo‘ldi, deyish mumkin.

"Tokio–2020"da egnida O‘zbekiston libosi bilan olimp maydoniga tushgan har bir sportchi, garchi g‘olib bo‘lmagan bo‘lsa-da, jahon sport maydonida mamlakatimiz shuhrati yuksalishiga o‘ziga xos tarzda hissa qo‘shganligi alohida voqelikka aylandi. Akbar Jo‘rayev, Ulug‘bek Rashitov, Bahodir Jalolov, Davlat Bobonov va Bekzod Abdurahmonov g‘oliblik yo‘lidagi shijoati ila olimpiada tarixiga O‘zbekiston nomini abadiy muhrladi.
Endigina katta sport ostonasiga kirib kelgan iste’dodli yoshlarimiz Muattar Nabiyeva, Safina Sadullayeva, Tursunoy Rahimova, Nikita Rafalovich, Kumushxon Fayzullayeva, Dilnoza Rahmatova, Zaynab Dayibekova kabi atletlarimiz o‘z shijoati bilan 2024 yili Parijda o‘tadigan olimpiya maydonlariga yangi O‘zbekiston yoshlari yangi g‘alabalar bilan kirib borishiga ishora berdi, nazarimizda.
Yana bir e’tiborli holat: "Tokio–2020" yo‘llanmalarini qo‘lga kiritgan ayol sportchilarimiz soni 30 nafarni tashkil etdi. Bu o‘tgan o‘yinlarga nisbatan yangi rekord ko‘rinishini oldi. Shu o‘rinda boks, dzyudo, taekvondo, zamonaviy besh kurash, og‘ir atletika sport turlaridagi o‘ziga xos marralar zabt etilganligi, sport turlari geografiyasi kengayganligi anjuman mobaynida bot-bot takrorlandi.

Qizg‘in munozalarga boy tarzda o‘tgan matbuot anjumanida Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston Paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov, 32-olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini ulug‘lagan Akbar Jo‘rayev, Ulug‘bek Rashitov, Dalat Bobonov jurnalistlarning savollariga javob berishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA