Tojikistonning eksport salohiyati oshmoqda
Joriy yilning o‘n oyi davomida Tojikiston 1 milliard 253,1 million AQSH dollariga teng qiymatdagi mahsulot eksportini amalga oshirdi. Bu avvalgi yilning shu davri bilan solishtirganda 30,4 foiz ko‘pdir, deya xabar qilgan «Avesta» nashri Mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish va savdo vazirligi bergan ma’lumotga tayanib.
Tegishli davr mobaynida respublika xorijga, asosan, qimmatbaho va yarim qimmatbaho tosh hamda metall, mineral, sement, ruda, ko‘mir, elektr quvvati, to‘qimachilik mahsulotlari, metall va tayyor metall buyumlar sotgan.
Mamlakat importi ko‘sratkichida esa bu yil pasayish kuzatilmoqda. O‘n oyda Tojikiston importi 2,5 milliard dollar, ya’ni 2019 yilning mos davriga nisbatan 6,3 foiz oz miqdorni tashkil etdi.
Hisobot oralig‘ida Tojikistonning asosiy savdo sheriklari Rossiya, Qozog‘iston, Shveysariya, Xitoy, O‘zbekiston va Turkiya bo‘ldi. Xususan, O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi joriy yil o‘n oyida 272,6 million dollardan oshgani aytilmoqda.
O‘zA