Tojikiston bilan hamkorlik yanada rivojlanadi
Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov Tojikistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy bilan uchrashdi.
Muloqotda mamlakatimiz va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida madaniy-gumanitar va iqtisodiy-ijtimoiy aloqalar tobora rivojlanib borayotganligi qayd etildi.
Namangan viloyatida tojik millatiga mansub 270 mingdan ziyod fuqarolar ahil va totuvlikda istiqomat qilmoqda. Namangan shahrida alohida ajratilgan binoda Tojik milliy-madaniy markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
[gallery-477]
Joriy yilda Namangan va Tojikiston o‘rtasida 5 million 300 ming dollar miqdoridagi tovar aylanmasi amalga oshirildi. Bundan 3 million 800 ming dollari Tojikistonga eksportga, 1 million 500 ming dollari esa qo‘shni davlatdan viloyatimizga import ulushiga to‘g‘ri keladi. Elchi o‘z so‘zida o‘tgan yili Namanganda o‘tkazilgan biznes-forumda ishtirok etgani, unda taqdim etilgan loyihalarning bir qismi amalga oshirilganidan xursandligi, bu borada shijoat ko‘rsatgan namanganlik tadbirkorlardan minnatdor ekanligini bildirdi.
Namangan viloyati hududlaridan Tojikistonga meva-sabzavotlar, tekstil va trikotaj mahsulotlari yuboriladi. Tojikistondan esa asosan sement va kimyoviy mahsulotlar keltiriladi. Ayni paytda Tojikiston invetitsiyasi ishtirokidagi 7 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro tovar aylanmasi hajmini bir necha karra oshirish yuzasidan fikr almashildi.
– Tojikistonning bizga qo‘shni hududlarida mashhur gilam fabrikalari bo‘lardi, ular ishlab chiqargan anvoyi gilamlarga talab hozir ham saqlanib qolgan. Tojikiston ekoturizm borasida ham boy tajribaga ega. Bu tajribadan viloyatimizda unumli foydalanishimiz kerak, – dedi Shavkat Abdurazzaqov.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA