Tojik kinochilari O‘zbekistonda
Tojikistonlik bir guruh kinoijodkorlar va olimlar yurtimizga tashrif buyurdi.
Ma’lumki, 10-12 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi davomida barcha sohalar qatori madaniy aloqalarni ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan edi. Prezidentimiz ushbu tashrif asnosida buyuk ajdodlarimiz – Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy do‘stligi haqida hamkorlikda badiiy film yaratish vaqti kelganini ta’kidladi. Bu taklif Tojikiston rahbari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.
Mazkur kinoloyihani amalga oshirish maqsadida ayni paytga qadar ikki mamlakat kinoustalari bir necha bor onlayn tarzda muzokaralar olib borishdi. Darhaqiqat, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy o‘rtasidagi do‘stlik haqida ko‘plab ilmiy va badiiy asarlar yaratilgan, hujjatli filmlar suratga olingan. Ammo, shu paytga qadar yaratilgan ekran va sahna asarlarida bu ikki ulug‘ mutafakkir do‘stligi yetarlicha yoritilmagan.

Tojikistonlik kinoustalarning tashrifi davomida ikki mamlakat ijodkorlari yuzma-yuz loyiha yuzasidan fikr almashadi.
Mehmonlar tarkibida “Tojikfilm” davlat muassasasi direktorining birinchi o‘rinbosari Tolib G‘aybullozoda, Tojikiston Fanlar akademiyasi kutubxonasi direktori Shodimuhammad So‘fizoda, Tojikiston davlat madaniyat va san’at instituti rektori Muhriddin Nizomiy, filologiya fanlari doktori, professor Badriddin Maqsudov, Tojikiston kinoijodkorlar uyushmasi raisi Safar Haqdodov, kinorejisser Fayzullo Fayzov bor.
Mehmonlar, shuningdek, “Buyuk Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivaliga hozirlik jarayonlari bilan tanishadi. O‘zbekistonlik kinoijodkorlar bilan hamkorlikdagi boshqa kinoloyihalar yuzasidan ham muzokaralar olib boriladi.
D. Mamatova, O‘zA