Tog‘li tuman maktablaridagi sharoitlar o‘rganildi
Jizzax viloyatining eng olis Yangiobod tumani Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh tog‘li hudud hisoblanadi. Bu yerda 19 ta umumta’lim maktabi mavjud.
Xalq ta’limi vazirligi ishchi guruhi tomonidan mazkur tumandagi ba’zi maktablarda o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish jarayonlari bilan tanishilib, shart-sharoitlar o‘rganildi. Tumandagi 6-sonli umumta’lim maktabi 192 o‘quvchi o‘rniga mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda ziyo maskanida 120 nafardan ortiq yoshlarga ta’lim-tarbiya berilmoqda.
Ushbu maktab binosi o‘tgan 2021 yilda rekonstruksiya qilinib, barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari 11-sinf o‘quvchilari fanlarni qay darajada o‘zlashtirayotgani, orzu-istaklarini bilish maqsadida ular bilan suhbatlashdi.
Maktabning 2 faol o‘quvchisi – Ruxshona Orifjonova hamda Fayzibek Gulmurodovga noutbuk sovg‘a qilindi.
Mazkur maktab o‘qituvchilari tomonidan ta’lim muassasasida kompyuter sinfini tashkil etish taklifi ilgari surilgan edi. Bu vazifani Yangiobod tuman hokimligi mutasaddilari o‘z zimmasiga oldi.
So‘ng vazirlik vakillari shu tumandagi 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, dars va to‘garak mashg‘ulotlarida qatnashdi. Maktab kutubxonasidagi darsliklar holati ko‘zdan kechirildi.
Kelgusida aholi o‘sishi inobatga olinib, 12-sonli umumta’lim maktabi uchun 2024 yilda qo‘shimcha bino qurish imkoniyatlari o‘rganib chiqiladigan bo‘ldi.
Har ikki maktabning kuz-qish mavsumiga tayyorlik darajasi o‘rganilib, mahalliy hokimlik va tuman xalq ta’limi bo‘limiga vazifalar yuklatildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA