Tog‘li Oqsoyda IT-Village ochildi
Samarqandda o‘tkazilgan “ICTWEEK Uzbekistan 2022” – axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi tadbirlari doirasida Nurobod tumanining olis tog‘li Oqsoy qishlog‘ida IT-Village majmuasi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Yagona integrator – UZINFOCOM” hamkorligida ishlab chiqilgan mazkur loyiha yurtimizning chekka hududlarida IT infratuzilmasini tashkil etish, bolalarni ilg‘or IT -texnologiyalarga qiziqtirish va o‘qitish imkoniyatini yaratish, xalqaro va mahalliy IT forumlar va boshqa turli xil tadbirlarni uyushtirishga qaratilgan.
Majmuaning ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov yurtimizda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur markaz aholining barcha qatlami uchun zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, ushbu sohada faoliyat olib borish imkoniyatini yaratish, hududlarda IT-turizmni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
IT-Village binolari konteynerlardan iborat. Elektr energiyasi ta’minoti quyosh panellari orqali amalga oshiriladi. Majmua 60 o‘rinli uchta o‘quv xonasi, 8 o‘rinli turar joy, 15 kishilik konferns-zal, shuningdek, tibbiyot punkti, texnik xona, kommunikatsiya uzeli, eko-kinoteatr hamda ma’muriyat blokini o‘z ichiga oladi.
Bu yerda oyiga 600 nafar maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o‘quvchilari, 240 nafargacha dasturchilar IT-mashg‘ulotlariga qatnashishi mumkin. Bundan tashqari, axborot texnologiyalari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, sayyohlar ham majmuadan foydalanishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan.
Yaqin orada IT-Village faoliyati to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan va barcha qiziquvchilar fikr-mulohazalarini taqdim etish imkoniyatini beruvchi WYeV portali ishlab chiqish, tadbirlar ishtirokchilari uchun yo‘lovchi avtobusi tashkil etish rejalashtirilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Shermatov IT-Village kutilgan natijani bera boshlagach, bunday majmualar respublikamizning boshqa hududlarida ochilishini ma’lum qildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA