To‘yintirilgan un: ham mazali, ham shifo
“Sho‘rchidonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatida temir moddasi va inson organizmi uchun zarur boshqa servitamin elementlarga boyitilgan un ishlab chiqarilmoqda. Bunday un kamqonlik kasalligining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.
“Sho‘rchidonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatida temir moddasi va inson organizmi uchun zarur boshqa servitamin elementlarga boyitilgan un ishlab chiqarilmoqda. Bunday un kamqonlik kasalligining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Joriy yilning o‘tgan davrida korxonada 27 ming tonnaga yaqin ana shunday mahsulot ishlab chiqarilib, iste’molchilarga yetkazib berildi.– Sog‘lom farzand nafaqat oilaning, balki butun jamiyatning boyligidir, – deydi Surxondaryo viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdusamad Mustanov. – Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, salomatligini muhofaza qilish, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashdir. Aholining ovqatlanishini yaxshilash, un va tuzni zarur mikroelementlar bilan to‘yintirish, onalar va bolalarni zarur vitaminlar bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tufayli bugungi kunda mamlakatimizda 92 foiz bolalar rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga muvofiq voyaga yetmoqda.
Boyitilgan un tarkibiga temir moddasi va boshqa quvvat beruvchi vitaminlar qo‘shilayotgani aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalarning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Buning natijasida xotin-qizlar o‘rtasida kamqonlik kasalligining oldi olinib, jismonan sog‘lom, intellektual salohiyatli avlodni dunyoga keltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, mustaqillik yillari mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatida xalqaro me’yorlarga to‘liq javob beradigan bu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgani aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash va ovqatlanish madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
– Do‘konda un serobligidan ba’zan qaysi birini tanlashda ham shoshib qolamiz, – deydi Denov tumanidagi Chorgul mahallasida istiqomat qilayotgan Ozoda Abdurazzoqova. – Tibbiyot xodimlari ko‘proq mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan undan foydalanishni tavsiya etib, uning foydali mikroelementlarga to‘yintirilganini aytgan edi. Shu bois Sho‘rchida ishlab chiqarilgan unni iste’mol qilmoqdamiz. Bu undan tayyorlanayotgan non to‘yimliligi va mazasi bilan ajralib turadi, tanaga quvvat beradi.
– Foydali elementlar bilan boyitilgan un ishlab chiqarish uchun maxsus sertifikatga egamiz,– deydi “Sho‘rchidonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Omon Cho‘tov. – Inson salomatligi uchun zarur komponentlar bilan to‘yintirilgan unning sifatini sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislari o‘rganib, tahlil qilib boradi. Mutaxassislarimiz ham mahsulotni tayyorlash jarayonida texnologik holat va boyitish me’yorining talab darajasida saqlanishiga alohida e’tibor berib, gigiyena qoidalariga qatiy rioya etmoqda.
Texnologik qayta yangilangan yirik korxonada turli vitaminlarga boy, inson organizmi uchun foydali oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarish ko‘lami kengayib borayotir. Bu yilgi mavsumda korxona ishchilari ana shunday maqsad bilan viloyat g‘allakorlari yetishtirgan 80 ming tonnadan ortiq sara bug‘doyni qayta ishlash uchun qabul qilib oldi. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligini ta’minlash, aholining xalqaro standartlarga muvofiq sog‘lom ovqatlanishini yanada takomillashtirish, sog‘lom avlodni kamol toptirish yuzasidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor samarasidir.