To‘qson besh foiz mahsulot eksportga
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga qaratilayotgan e’tibor samarasida soha korxonalarining ichki bozorni to‘ldirish, shu bilan birga eksport hajmini oshirishdagi o‘rni ortmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga qaratilayotgan e’tibor samarasida soha korxonalarining ichki bozorni to‘ldirish, shu bilan birga eksport hajmini oshirishdagi o‘rni ortmoqda.Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Magnus Industrial Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati ulardan biri. Turli diametrdagi mis trubalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaga zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Bu yerda avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoatida talab yuqori bo‘lgan material turlari ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Hozir korxonada diametri 2 millimetrdan 42 millimetrgacha bo‘lgan mis trubalari ishlab chiqarilmoqda.
Mahalliy xomashyo asosida tayyorlanayotgan mis trubalarining sifati yuqoriligi bois tashqi bozorda ham xaridorgir. Bugungi kunda ularning 95 foizi eksport qilinmoqda.
Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan mazkur korxonada ellikdan ziyod ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, uning o‘ttizdan ortig‘i kollej bitiruvchilaridir.
– Amaliyot o‘tash davomida zarur ko‘nikmalarni egalladim. Shu bois ishga olib qolishdi, – deydi Toshkent transport kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Sirojiddin Alimov. – Nazariya va amaliyotni birga olib borish sohani tushunish va yaxshi ishlashga yordam berarkan. Kollejda o‘rganganlarimiz ish jarayonida qo‘l kelmoqda.
Korxona rahbari, yosh tadbirkor Anvar Nodirxonov joriy yilda “Tashabbus” ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichida “Eng yaxshi tadbirkor” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
– Davlatimiz rahbarining yoshlar bizning nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, ular bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir, degan so‘zlari bizga doimo qanot, kuch bag‘ishlaydi, – deydi A.Nodirxonov. – Yoshlarga bildirilayotgan bunday ishonch va yaratilayotgan sharoitlar bizni yanada ko‘proq izlanishga, yangi marralarni egallashga chorlaydi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik kuch-g‘ayrat bag‘ishlashi bilan birga, zimmamizga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi.
“Magnus Industrial Group” korxonasi yurtimizdagi “Artel”, “Sino” kompaniyalari, shuningdek, dunyoga mashhur “Samsung”, “LG” kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Korxonada kelgusida yana bir investitsiyaviy loyiha amalga oshirilib, mis fitinglar tayyorlashni o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda.