Tizimdagi eng yaxshi kasaba uyushma tashkiloti
11noyabr – kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan “Sirdaryo IES” AJ korxonasida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari S.To‘xtayev ishtirok etib tizimdagi eng yaxshi Kasaba uyushma sifatida korxonaga 1-darajali diplomni topshirdi.
Bundan tashqari, sana munosabati bilan ustoz energetiklar, faollar, sport va madaniy tadbirlar g‘oliblari korxona bosh direktori hamda mas’ullar tomonidan munosib taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasida elektr energiya ishlab chiqarishda "Sirdaryo IES" AJ korxonasi ulushi 30 foizini tashkil etayotganligi bilan ham ahamiyatlidir. Korxonada hozirgi kunda 2080 nafar ishchi xodimlar fidokorona mehnat qilmoq. 581 nafar xotin-qizlar erkaklar bilan bir safda turli vazifalarda faoliyat olib bormoqda. Korxona kasaba uyushmasi tomonidan ishchi-xodimlarni va ularning oila a’zolari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ularning bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishlari hamda madaniy hordiq chiqarishlari uchun bir qator madaniy va sport tadbirlari o‘tkazib kelinadi.


Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ichki turizmni rivojlantirishga ham katta hissa qo‘shilmoqda.
– Xodimlar va ularning oila a’zolari uchun mamlakatimizning ko‘hna Samarqand, Buxoro, Xorazm shaharlariga muntazam sayohatlar uyushtirilib, ularning maroqli hordiq chiqarishlari uchun «Amirsoy», «Chorvoq», «Zomin» dam olish maskanlariga sayohatlar tashkil etib kelinmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga qarashli «Botanika», «Turon», «Chimyon», «Xovotog‘» gulshani», «Bo‘ston» sanatoriylarida ishchi-xodimlarimiz mehnat ta’tillari vaqtida o‘z salomatliklarini tiklab qaytmoqdalar, –deydi korxona kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Kamolaxon Musayeva. –Xodimlarning talab va istaklariga asosan joriy yilda yo‘llanmalar miqdorini 150 tadan 270 tagacha oshirish rejalashtirilgan.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA.