Tizimda kamchilik va muammolar ham bor...
Jizzax viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi tashabbusi bilan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Shahar va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirlari ishtirok etgan tadbirda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab bog‘cha tarbiyalanuvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Shaxmat taxtasi” musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Unda shaxmat bo‘yicha shahar va tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi o‘g‘il-qizlar g‘oliblik uchun dona surdi. So‘ng viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berdi.
Ta’kidlanganidek, 2017 yilda xalq ta’limi tizimidan ajralib chiqqan maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida qamrov 16,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 30 aprel holatiga kelib, 3-6 yoshli bolajonlarning 76,5 foizi qamrab olingan. bugungi kunda viloyatda 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 120 ming nafardan ortiq. Ularning 91 ming 763 nafari yoki boshqacha aytganda 77 foizidan ortig‘i viloyatdagi barcha turdagi mavjud 1 ming 331 ta MTTga qamrab olingan. Ushbu MTTning 219 tasi davlat, 1 ming 112 tasi oilaviy, 13 tasi xususiy hamda 70 tasi davlat xususiy sherikchiligi asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir.
[gallery-7342]
– Prezidentimizning 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash va viloyatdagi har bir maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, tizimda faoliyat yuritayotgan pedagoglarning xorijiy tillarni o‘rganishini rivojlantirish maqsadida Chet tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi Jizzax viloyati hududiy vakilligi bilan memorandum imzoladik, – deydi viloyat MTB boshlig‘i Feruza Soliyeva. – Viloyatdagi davlat, davlat sherikchiligi va nodavlat xususiy bog‘chalarda bolajonlarimizga xorijiy tillardan saboq berish to‘laligicha yo‘lga qo‘yilgan.
Yutuqlarimiz o‘zimizniki, ularni bizdan hech kim tortib ololmaydi. Ammo hali bartaraf etishimiz lozim bo‘lgan kamchilik va muammolarimiz ham bor. Jumladan, ba’zi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bir kunda 5-6 nafar tarbiyalanuvchi kelgan, lekin ularning sonini sun’iy ravishda oshirib, 10-12 nafar qilib ko‘rsatish holatlari yoki 2 kishi ishlashi kerak bo‘lgan guruhda 1 kishi mehnat qilayotgani, yana boshqa ishchilar ishga kelmasada hujjatda mavjudligi kabi noxush holatlar uchrab turibdi. Ta’lim sifatini oshirish, pedagoglar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato-kamchiliklarni bartaraf qilish maqsadida viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi qoshida “Metodik ko‘mak” guruhi tashkil qilingan. Ayni paytda guruh tomonidan Jizzax shahri, Zarbdor, Zafarobod va Sharof Rashidov tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rganilib, ularga bu borada amaliy yordam ko‘rsatildi va kerakli tavsiyalar berildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA