Tinglovchilar qasamyod qabul qildi
Yuqori Chirchiq tumanidagi Ichki ishlar vazirligi O‘quv-dala markazida tizimdagi Malaka oshirish instituti boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi tinglovchilarining qasamyod qabul qilish tadbiri o‘tkazildi.
Dastlab institut boshlig‘i, dotsent, polkovnik Olimjon Ahmedov so‘zga chiqib, professional va xalqchil ichki ishlar organlari xodimlarini shakllantirish, xizmat nufuzini oshirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.
[gallery-16217]
– Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida yuridik, kasbiy, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar va jismoniy tayyorgarlikka ega bo‘lmoqdamiz, – deydi tinglovchi Javohir Abdullayev. – Fuqarolarga qonun doirasida xizmat ko‘rsatish, turli qaltis vaziyatlarda ruhiy barqaror bo‘lish, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi ko‘plab ko‘nikmalar shakllanmoqda. Bugungi qasamyodga sodiq qolib, institutda olayotgan bilim va ko‘nikmalarni xalqimiz tinchligi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qilishga safarbar etamiz.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar, keyingi yillarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda mutlaqo yangicha tizim yaratilgani haqida gapirdi. Shu bilan birga 600 nafardan ziyod qasamyod qabul qilgan tinglovchiga kelgusi sharafli xizmat faoliyatida muvaffaqiyat tiladi. Tinglovchi Saidrasulning onasi Dono Abdusalomova farzandiga ichki ishlar organi xodimi, degan nomga munosib bo‘lishi va kelajakda el-yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek mas’uliyatli ishida omad tiladi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA muxbirlari