Tinchlik uchun ovoz beraman
Odatdagi ish kunlarining biri.
Saylov – 2019
Odatdagi ish kunlarining biri. Ishlarimni yakunlab, tun qorong‘usida viloyat Matbuot uyidan chiqdim. Muhtasham binoda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi hamda Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining viloyat bo‘limi ham faoliyat yuritadi. Shu bois, bu yerda kechayu kunduz ish qaynaydigan palla.
Keng, ravon, osoyishta ko‘chada kuz faslining mayin shabadasi esadi. Har xil rangda tovlanadigan tungi chiroqlar yoritib turgan yo‘lning ikki tarafidagi piyodalar yo‘lakchalari yoshlar bilan gavjum. Ularning hatti-harakatlarini kuzatib turgan edim, ro‘paramga "Spark" mashinasi kelib to‘xtadi.
– Yo‘l bo‘lsin, – so‘radi haydovchi?
Manzilimni aytdim.
– O‘tiring, eltib qo‘yaman, – dedi u.
Yo‘l-yo‘lakay saylovlar va so‘nggi yillarda jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar xususida suhbatlashib ketdik.
– Yaqinda tungi payt bir afg‘on fuqarosini "Ulug‘bek" mehmonxonasiga olib borib qo‘yishimga to‘g‘ri keldi, – deydi haydovchi. – Rozi bo‘ldim. Gap orasida mehmonxonaning bir kecha-kunduz uchun belgilangan narxini so‘radim. "Ikki yuz ellik ming so‘m", dedi mehmon.
– Bu narx qimmatlik qilmaydimi? – so‘radim yana.
– Bilasizmi, – deya menga yuzlandi u. – Biz uchun O‘zbekistonda yashashning narxi, bahosi yo‘q. Amudaryodan bu yoqqa o‘tishimiz bilan yuzimizga osuda shabada esib, yuragimiz xotirjam ura boshlaydi. Naryog‘da esa har kecha qo‘ni-qo‘shnilarimiz, farzandlarimiz bilan rozi-rizolashib uyquga ketamiz. Chunki, tongda yana tirik o‘yg‘onamizmi, yo‘qmi, bilmaymiz. O‘zbekistonda bunday xatar yo‘q. Ertangi yorug‘ kunga qat’iy ishonch bor. Shuning uchun ham bu yerda hayot kechirishni pul, mablag‘ bilan o‘lchamaymiz. Shuning uchun ham imkonimiz bo‘ldi, deguncha tinch, osuda yurtingizga talpinamiz. Shunaqa gurunglar bilan afg‘onistonlik mehmonni manziliga yetkazib qo‘ydimu, Vatanimizdagi osoyishta turmushning chindan ham bebaho ne’mat ekaniga yana bir karra iqror bo‘ldim. Ha, aytganday, bo‘lajak saylovlarda erta tongdan yurtimizdagi ana shu tinchlik, bag‘rikenglik va farovon hayot uchun ovoz berishga ahd qildim...
Yurtdoshlarimizning ana shunday hohish-irodasini emin-erkin ro‘yobga chiqarish uchun Surxondaryo viloyatida joriy yilning 22 dekabr kuni parlament va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ishlari har yilgidan o‘zgacha o‘tmoqda. Siyosiy partiyalar tomonidan shaharu qishloqlarda tashkil etilayotgan targ‘ibot tadbirlari avj olayotgani, Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining viloyat bo‘limi uyushtirayotgan debatlar siyosiy partiyalar vakillari, jurnalistlar va blogerlarning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘layotgani, "Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi" doirasida aholi o‘rtasida yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylovlarning ahamiyati keng tushuntirilayotgani muhim bu siyosiy jarayonga yangicha shukuh bag‘ishlayotir. Odamlarning saylovlarga qiziqishini yanada oshirmoqda.
– Vohada Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 11 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga 60 va tuman, shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 409 ta saylov okrugi hamda 785 ta saylov uchastkasi tuzilgan, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi raisi Sh.Boyqulov. – Ularning Saylov kodeksi asosida faoliyat yuritishi uchun barcha qulaylik yaratilmoqda. Komissiyamiz a’zolari joylarda bo‘lib, siyosiy kampaniyaga hozirlik ishlari bilan yaqindan tanishish barobarida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini ham olib borayotir. O‘tgan hafta Oltinsoy, Boysun va Sherobod tumanlarida bo‘lib, yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati va bu jarayondagi o‘zgarishlar bilan saylovchilar vakillarini tanishtirdim.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi saylovlarda vohada 1 million 532 ming 289 saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning huquqiy savodxonligini oshirishga, muhim siyosiy kampaniyani yuqori saviyada o‘tkazishga olimlar va huquqshunoslar ham munosib hissa qo‘shmoqda.
– Demokratik jamiyatda saylovlar xalqning o‘z hohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun qulay imkoniyatdir, – deydi viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Rahmatov. – Bu jarayonda faol ishtirok etib, o‘ziga ma’qul nomzod uchun ovoz berish shaxsning huquqiy savodxonligi va siyosiy ongini ham belgilaydi. "Yangi O‘zbekiston –yangi saylovlar!" shiori ostida o‘tkaziladigan bu yilgi muhim siyosiy jarayon oldidan ularning bu sohadagi bilimlarini oshirishga alohida ahamiyat berayapmiz. Mahalla, ta’lim muassasalari va boshqa korxona, tashkilotlarda "Men shaxsan o‘zim ovoz beraman", "Mening ovozim-Vatanim kelajagi" singari mavzulardagi davra suhbatlari, seminar mashg‘ulotlari, muloqot, viktorinalar tashkil etilmoqda.
Viloyatda "Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi" doirasida o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yurt ravnaqiga mas’ullik hissi bilan yashayotgan xalqimiz qalbida Vatanimizning ertangi yanada obod kelajagi uchun daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.