Tilshunos olimning yangi asari
Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazida Guliston davlat universiteti “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Ixtiyor Ermatovning “Davlat tilida ish yuritish” nomli o‘quv qo‘llanmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir nafaqat yangi kitobning taqdimoti, balki davlat tilining hayotdagi o‘rni, uning amaliy qo‘llanilishi va mas’uliyati haqidagi mulohazalar maydoniga aylandi.
Ixtiyor Ermatov o‘zbek tilshunosligida o‘z maktabiga ega olimlardan biri sifatida tanilgan. Uning ilmiy izlanishlari tilning nazariy qatlamlaridan tortib, uning amaliyotdagi qo‘llanilishigacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab oladi. “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, “O‘zbek tilshunosligi terminologiyasi”, “Sirdaryo viloyati toponimlarining izohli lug‘ati” kabi qator fundamental ishlar uning ilmiy salohiyatidan dalolat beradi.

Yangi “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasi esa bu izlanishlarning mantiqiy davomi sifatida maydonga chiqdi. Unda davlat tilida hujjat yuritishning nafaqat shakliy jihatlari, balki uning ilmiy-amaliy asoslari, zamonaviy talablarga mos yondashuvlar ham keng tahlil qilingan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu qo‘llanma avvalgi nashrlardan farqli ravishda nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan GulDU “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi doktoranti Farrux Muhidillayev, shu kafedra o‘qituvchilari Zulayho To‘ychiyeva va Shohruh Ro‘ziqulov, “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri Muhammadali Ahmad, shuningdek, o‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari Mashhura Ibrohimova va Islomjon Rahmonovlar “Davlat tilida ish yuritish” o‘quv qo‘llanmasining ilmiy-uslubiy yutuqlari haqida fikr bildirdilar.

Ta’kidlanganidek, avval ham ushbu mavzuga oid qo‘llanmalar nashr etilgan bo‘lib, ularda asosan turli hujjat namunalarini keltirish bilan cheklanilgan. Yangi o‘quv qo‘llanma esa bu jihatdan sezilarli farq qiladi — unda davlat tilida ish yuritishning nazariy asoslari bilan bir qatorda, uning ilmiy-amaliy jihatlari keng va tizimli ravishda yoritib berilgan. Muhimi, mazkur asar davlat tilida ish yuritish fanini chuqurroq o‘zlashtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbirdagi eng samimiy lahzalardan biri Qirg‘izistondan tashrif buyurgan Orzigul Ermatovaning so‘zlari bo‘ldi. U ukasi haqida gapirar ekan, uning bolalikdan kitobga mehri, izlanishga bo‘lgan intilishi bugungi ilmiy yutuqlarining poydevori ekanini ta’kidladi.

Taqdimot yakunida Ixtiyor Ermatov yoshlarga qarata qilgan murojaatida bir haqiqatni alohida urg‘ulab o‘tdi:
– Til — bu faqat muloqot vositasi emas, balki millatning ruhi. U barhayot ekan — millat ham barhayot.
Tadbir doirasida axborot-kutubxona markazida olimning ilmiy asarlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, muallif yangi nashr etilgan kitoblaridan bir necha nusxani kutubxona fondiga sovg‘a qildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri