TIL YASHASA – MILLAT YASHAYDI!
Bilamizki, har bir millatning ona tilisi bu shunchaki muloqot vositasi emas, millatning ruhi, uning ichki dunyosi, or-nomusi va asrlar davomida shakllangan ma’naviy qiyofasi hisoblanadi. Boisi, har bir inson dunyoga kelgan zahotiyoq ona allasi orqali o‘z tilini his qiladi, u orqali fikrlaydi, orzu qiladi va o‘zligini anglaydi. Shu ma’noda til – bu millatning borligi va davomiyligini ta’minlovchi eng muhim omilga aylanadi.
Bugun tarix guvoh, o‘z tilini asragan millat – o‘zligini asragan millat sifatida ravnaq topmoqda. Tilidan ayrilgan millat, elat va xalqlar esa asta-sekin o‘z ruhini, xotirasini va kelajakka bo‘lgan ishonchini yo‘qotib bormoqda. Shuning uchun ham buyuk ma’rifatparvarlar til masalasini har doim millat taqdiri bilan bog‘lab kelgan. Bejizga jadid bobomiz, Abdulla Avloniy “milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur” deb ta’kidlamagan.
O‘zbek tili ana shunday buyuk tarixga ega tillardan biridir. U turkiy tillar orasida o‘zining boy leksikasi, musiqiyligi va ifoda imkoniyatlari bilan ajralib turadi. Uning ildizlari qadimgi O‘rxun-Enasoy bitiklariga, buyuk asarlar – “Devonu lug‘otit turk”, “Qutadg‘u bilig” kabi yodgorliklarga borib taqaladi. Bu til Alisher Navoiy, Bobur, Lutfiy kabi mutafakkirlar ijodi bilan kamol topdi, millat ruhining ifodasiga aylandi.
Biroq bu yo‘l oson kechgan emas.
O‘zbek tili – tarix, kurash va milliy ruh g‘alabasi
Afsuski, tarix zarvaraqlarini o‘zgartirib bo‘lmaydi. O‘tmishning muayyan bosqichlarida o‘zbek tili kamsitildi, uning mavqei sun’iy ravishda pasaytirildi va yo‘q qilishga oid ishlar ham faol olib borildi. Sho‘ro davrida ayrim sohalarda ona tilida gapirish hatto “ortiqcha” deb qaralgan holatlar ham bo‘ldi. Odamlar yig‘inlarda “o‘zbekcha gapirsam maylimi?” deb so‘rashga majbur bo‘lgan davrlar ham xalq xotirasida hali unutilmagan.
Bu – millatning ma’naviy qadr-qimmatiga berilgan og‘ir zarba edi.
Ammo xalq ruhi sinmadi. 1980-yillar oxirida yurt bo‘ylab milliy uyg‘onish to‘lqini ko‘tarildi. Ziyolilar, yoshlar, oddiy insonlar til taqdiri uchun kurashga chiqdi. Gazeta-jurnallar, maydonlar, yig‘inlar bir haqiqatni takrorlay boshladi. Tilni asrash – millatni asrash ekanligini tushuntirishga oid harakatlar boshlab yuborildi.
Nihoyat, 1989-yil 21-oktyabr sanasi mamlakat tarixida muhim bosqich bo‘ldi. Butun o‘zbek xalqi orzuqib kutgan keldi. “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Yillar davomida ushbu qaror tarixiy xotira, milliy o‘zlikni tiklash va tilning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan poydevor sifatida xizmat qildi. Mustaqillik yillarida o‘zbek tili yangi hayotga qadam qo‘ydi. U davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan, ommaviy axborot vositalari va xalqaro munosabatlarda faol qo‘llanila boshladi. Shundan so‘ng tilni rivojlantirish va uning qo‘llanish doirasini kengaytirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirildi.
Davlat boshqaruvi, ta’lim va axborot sohalarida ona tilidan foydalanish bosqichma-bosqich kuchaydi. Jumladan, islohotlar davrida 2020-yil 10-aprelda Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan qonunga muvofiq 21-oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilandi. Endi ushbu sana yurtimizda keng nishonlanadi va tilga bo‘lgan ehtiromni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bugun o‘zbek tili nafaqat milliy, balki xalqaro muloqot vositasi sifatida ham o‘z o‘rnini topmoqda.
Ammo kurash tugagani yo‘q.
Hozirgi raqamli texnologiyalar rivojlangan davrda o‘zbek tili oldida yangi sinovlar paydo bo‘lmoqda. Chet tillar ta’siri, sun’iy iboralar, ma’nosiz kalkalar uning sofligiga tahdid solmoqda. Bu haqda ma’rifatparvar Alixonto‘ra Sog‘uniy quyidagi fikrni bildirgan:
“Qaysi bir millatning ona tili o‘z hojatini o‘ta olmay, boshqa yot tillar oldida mag‘lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko‘p uzoqlamay, insoniy huquqlaridan ajragan holda hayot daftariga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg‘izgina vatanlaridan emas, balki butun borlig‘i bilan tarix yuzidan yo‘qolishga majbur bo‘ladilar.”
Darhaqiqat, agar biz befarq bo‘lsak, til asta-sekin o‘z tabiiy jozibasini yo‘qota boshlaydi.
Boisi, til tirik organizmdir – u mehr, e’tibor va himoya talab qiladi.
Adib Chingiz Aytmatov ta’kidlaganidek, “toki til bor ekan – xalq ham yashaydi”.
Demak, til taqdiri – millat taqdiridir.
Xotima qilib aytganda, bir haqiqat bor: millatning jon-u ruhi bo‘lgan o‘zbek tili – bu shunchaki meros emas, balki kelajakni yaratadigan tirik kuchdir. Uni asrash, boyitish va yuksaltirish esa har bir insonning vijdoniy mas’uliyatidir.
Zero, til yashasa – millat yashaydi!
Nigora XUSANOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi
Ma’rifat targ‘ibotchilari jamiyati a’zosi
f.f.f.d., (PhD)