Til – milliy tafakkur ramzi va taraqqiyot asosi
Til insoniyat tamadduni uchun cheksiz ahamiyatga ega bo‘lgan eng buyuk ixtirolardan biri. Til – millatning ruhi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi.
Tilning bazaviy funksiyalari orasida kommunikativ (muloqot), kognitiv (tafakkur), kumulyativ (bilimlarni to‘plash va saqlash), nominativ (narsa va ob’ektlarni nomlash), emotiv-ekspressiv (emotsiyani namoyon qilish, munosabat bildirish) kabilarni keltirish zarur. Tadqiqotchilar tomonidan tilning madaniy hodisa, ijtimoiy interaksiya hosilasi ekanligi ta’kidlanadi.
Nazariy lingvistika asoschisi Vilgelm fon Gumboldt (Wilhelm von Humboldt) til va milliy ruhning yaxlitligini, milliy tafakkurning determinantligini e’tirof etadi. Gumboldt tomonidan ilgari surilgan lingvistik konsepsiyada til o‘z-o‘zini rivojlantiruvchi organizm sifatida ta’riflanadi.
Dunyoda 7 mingga yaqin til bor. Ona tilida muloqot hajmiga ko‘ra xitoy, hind, ingliz, ispan, arab, portugal, rus tillarining miqyosi baland.
Til mavjudligining asosiy shartlaridan biri yozuvdir. Yozuv tilning fonetik, grammatik, sintaktik, semiotik tizimi, yozma belgilari (grafema, iyeroglif, piktogramma) to‘plami. Yozuv tilni tartibga solish, cheksiz hajmdagi ma’lumotlarni saqlash, ko‘paytirish va tarqatish vositasidir. Ilk yozuvlar eramizdan oldingi to‘rtinchi ming yillikda (Mesopotamiya, Shumerlar davlati) vujudga kelgan.

Qadimgi turk yozma yodgorliklari dastlab Yenisey va O‘rxun daryolari bo‘ylarida topilganligi uchun ular O‘rxun-Yenisey yozuvlari deyiladi.O‘rxun-Yenisey toshbitiklarini tadqiq etish qadimgi turk tamadduni, turkiy xalqlar madaniyati, lingvistika, tarix, runologiya sohasidagi tadqiqotlar rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Har bir til shu tilda so‘zlashuvchi millat, etnosning bebaho boyligi, iftixori, najoti. Til millatning ma’naviyati, madaniyati, kognitiv tasavvurlari, milliy mentaliteti, o‘ziga xosligi, turmush tarzi, urf-odati, etnopsixologiyasi, fe’l-atvorini anglatadi. Folklor, hikmatli so‘zlar, maqollar, dostonlar, qo‘shiqlar, ilmiy va badiiy asarlar millatning ona tilida dunyoga keladi.
Globallashuv, axborot jamiyati, texnogen taraqqiyot tillarning mavjudligiga ham jiddiy tahdid solmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, sayyoramizda mavjud tillarning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Tilning yo‘qolishi umuminsoniy tamaddun uchun mislsiz katta yo‘qotishdir. Zero har bir til ushbu tilda so‘zlashuvchi millat, elat, etnosning madaniy merosining yaxlit bo‘lagidir.
Dunyoda mavjud tillarning 96 foizida atigi 3 foiz dunyo aholisi muloqot qiladi. Papuas guruhiga mansub iteri tilida 400ga yaqin so‘zlashuvchi qolgan. 360 tilda 50 nafardan kam so‘zlashuvchi qolgan. Masalan, g‘arbiy chad tili zangval (zangwal) da 40 ga yaqin so‘zlashuvchi qolgan.
Avstraliya aborigenlarining tili bo‘lmish tivalida oxirgi so‘zlashuvchi Djek Batler qolgan. Fanni Kokreyn Smit Tasmaniyaning so‘nggi aborigenlaridan biri. Grizelda Kristin liv tilini to‘liq o‘zlashtirgan yagona vakili edi. Uning vafotidan so‘ng yer yuzida liv tilida to‘laqonli so‘zlasha oladigan inson qolmadi.
YUNESKO tomonidan yaratilgan yo‘qolib borayotgan tillarning Qizil kitobi (Red Book of Endangered Languages) jahon hamjamiyati e’tiborini umumbashariy tamaddun, tillar, madaniy xilma-xillikni saqlab qolishga qaratilgan. Dunyo tillari orasida tarqalish hududi juda keng bo‘lgan turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining o‘z o‘rni va maqomi bor.
bugungi kunda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etadi. O‘zbek tili O‘zbekiston hududidan tashqari Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya, Turkiyada keng tarqalgan. O‘zbek tili leksik-grammatik jihatdan uyg‘ur tili hamda chig‘atoy guruhiga yaqin turadi. O‘zbek tilining leksik-grammatik qatlamiga arab va fors tilining kuchli ta’siri mavjud. Tilning genezisida qarluq, qipchoq, o‘g‘uz dialektlari ishtirok etgan.
Turkiy tillar, xususan, o‘zbek tilining mavqeini yuksaltirish yo‘lida Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Shayxzoda Atoyi, Lutfiy, Sakkokiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Mahmud Qoshg‘ariy, Nosiriddin Rabg‘uziy, Munis Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Zahiriddin Bobur, Hofiz Xorazmiy, Husayn Voiz Koshifiy, Avaz O‘tar, Furqat, Muqimiy kabi mutafakkirlar beqiyos hissa qo‘shdilar.
Bu yo‘lda qutlug‘ harakat buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodida olamshumul g‘alaba bilan yakunlandi. Ulug‘ alloma o‘zining “Xamsa”, “Muhokamat-ul lug‘atayn” kabi shoh asarlarida turkiy xalqlarning jahon sivilizatsiyasidagi tutgan o‘rni va olamshumul vazifasi haqidagi ta’limotni yarata turib, turkiy tilimizning butun Turon zaminiga sochilib ketgan so‘z, lahjalari boyliklarini to‘plash, avaylab-asrash, takomilga yetkazish, uni yuksak adabiyot, san’at, ilm-fan va siyosat darajasiga ko‘tarish borasida sa’y-harakatlar qilish zarurligini uqtirgan holda, o‘zi bunga butun ijodi davomida to‘la rioya qilgan.
Davlat tili jamiyat hayotining barcha sohalarida qo‘llanishi shart, deb e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni 1989 yil 21 oktyabrda qabul qilingan. Ushbu qonunning 1-moddasida O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili ekanligi va O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilishi ta’minlanishi belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi hamda fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar. O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi barcha millat va elat tillariga hurmat ko‘rsatiladi va ularning rivoji uchun sharoitlar yaratadi.
Ta’kidlash lozimki, sayyoramizdagi 7 mingga yaqin tilning har biri davlat tili maqomiga ega emas, 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan.
Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Tillarni saqlab qolish xalqning ma’naviyati, madaniyati, milliy tafakkuri, urf-odati, tarixining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Til mamlakat taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi.
Mazkur kontekstda tilimizning nufuzi va mavqeini yuksaltirish, fuqarolarda davlat tiliga nisbatan ijtimoiy faollik, mas’uliyat hissini kuchaytirish muhimdir.
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir. Shuning uchun uni avaylab-asrash uchun hammamiz mas’ulmiz.
Mohira XOLIQOVA,
Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish
milliy markazi direktori,
falsafa doktori, dotsent
O‘zA