Til — milliy o‘zlik ifodasi
Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida 21-oktabr — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan «O‘zbek tili — milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli» shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda ona tilimizning milliy o‘zligimizni anglash, xalqimizning boy ma’naviy merosi va qadriyatlarini asrab-avaylash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyati e’trof etildi.

Tadbir avvalida Guliston tumani hokimi Olimjon Jo‘rayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy tabrikladi. U o‘z nutqida o‘zbek tilining davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi o‘rni beqiyos ekanini qayd etdi. Shuningdek, ona tilimizning xalqaro minbarlarda baralla yangrayotgani, uning nufuzi va qo‘llanish doirasi kengayib borayotgani har birimiz uchun g‘urur va iftixor manbai ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, ona tili — millatning ruhi, tarixiy xotirasi va ma’naviy qiyofasini namoyon etuvchi bebaho boylik. Uni asrab-avaylash, sofligini saqlash, turli sohalarda to‘g‘ri qo‘llash, ayniqsa, yosh avlod qalbida ona tiliga hurmat va muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash har birimizning muhim vazifamizdir.

— Yurtimizning barcha hududlarida keng nishonlanayotgani kabi Guliston tumanida ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbiri ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasidir. «O‘zbek tili — milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli» degan shior zamirida xalqimizning milliy g‘ururi, ma’naviy qiyofasi va asriy orzu-intilishlari mujassam. Zero, til — millatni millat sifatida namoyon etuvchi, uning tarixi, madaniyati va qadriyatlarini avloddan avlodga yetkazuvchi bebaho boylikdir.
Bugun o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi ortib, turli sohalarda qo‘llanish doirasi kengayib borayotgani barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi. Ayniqsa, yosh avlodni ona tilimizga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash, uning boy imkoniyatlaridan samarali foydalanish va adabiy til me’yorlariga rioya qilish muhim ahamiyatga ega. Ona tilimizni asrab-avaylash va uning nufuzini yuksaltirish nafaqat bugungi kunning, balki kelajak oldidagi ham mas’uliyatli vazifamizdir, — dedi «El-yurt hurmati» ordeni sohibasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Bahriniso Norjigitova.


Bayram tadbiri davomida tuman Madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan o‘zbek tilini ulug‘lovchi dilrabo qo‘shiqlar ijro etildi. Milliy qadriyatlarimiz, ona tilimizning jozibasi va ma’naviy qudratini aks ettirgan sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbir ona tilimizga bo‘lgan ehtiromni yanada oshirish, milliy o‘zligimiz va ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbida o‘zbek tiliga muhabbat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri