Tibbiyotda xalqaro tajriba muhim va samarali
Mamlakatimizda bugun xorijiy davlatlarda o‘qib, malaka oshirib katta yutuqlarni qo‘lga kiritayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bilim olishdan charchamayotgan, tinimsiz izlanib, intilayotganlar shunga yarasha obro‘-e’tibor qozonmoqdalar. Ulardan biri - hamyurtimiz Saydullo Sharifboyevdir.
Saydullo Namangan shahrida, shifokorlar oilasida tug‘ilgan. Demakki, uning qonida tibbiyotga nisbatan tug‘ma iqtidor bor. O‘rta maktabni tugatib, Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil oldi. 2002 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlab, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining «Shoshilinch neyroxirurgiya» bo‘limida klinik ordinaturani o‘tadi. So‘ng besh yil mobaynida vrach-ординатор bo‘lib ishladi. 2009 yildan buyon mazkur markazning Namangan filiali «Neyroxirurgiya bo‘limi»da mehnat qilib kelmoqda.
Tibbiyotning barcha yo‘nalishi nozik, ayniqsa, neyroxirurgiya nihoyatda murakkab. Saydullo ana shu og‘ir tarmoqni tanladi va bir umrga bu boradagi qiyinchiliklarni qobiliyatli, qo‘li yengil mutaxassis shifokor sifatida yengishga, el dardiga darmon bo‘lishga ahd qildi.
Xalqimizda «Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi», degan maqol bor. Bu maqolning nechog‘li purhikmat ekanini bosh miya va undagi asab tizimlari bilan bog‘liq xastaliklarga chalingan bemorlar yaxshi tushunadilar. Axir, yetti muchamizni boshqarib turadigan, fikrlarimizni qovushtirib, maromiga yetkazadigan, odam tanasini tafakkurli insonga aylantiradigan ham - miya. Miya faoliyatining buzilishini davolovchi neyrojarrohlar esa noyob mutaxassislardir.
Har bir soha, ayniqsa, tibbiyot kun sayin rivojlanmoqda. Unda ro‘y berayotgan yangiliklarni o‘zlashtirmaslik, o‘z ustida tinimsiz izlanmaslik neyrojarrohni ortda qolishiga sabab bo‘ladi. Shu maqsadda «Butunjahon neyroxirurglar jamiyati» rivojlanayotgan davlatlarning neyroxirurglari uchun malaka oshirish dasturlarini joriy etgan. Dasturga binoan tibbiyotning zamonaviy davolash usullarini yosh mutaxassislarga o‘rgatish orqali amalga oshiriladi.

Qahramonimiz Saydullo ham o‘tgan yili mazkur grantlar loyihasida qatnashib, Yaponiyaning “Tokyo Women s Medical University Medical Center East” klinikasida uch oy muddatli malaka oshirish imkoniyatini beruvchi grant sohibi bo‘ldi.
Mazkur klinikaning neyrojarrohlik bo‘limida нейроонкология, bosh miya qon tomirlar jarrohligi, orqa miya va periferik asab tizimi kasalliklari, нейротравматология, funksional нейрохирuргия va bolalar neyroxirurgiyasi bo‘yicha bemorlar qabul qilinib, davolanadi. Bu yerda vaqt shifokorlar uchun oltindan ham qadrli. Har kun, har soat avvaldan rejalashtirilib, samaradorligi ta’minlanadi.
Darhaqiqat, Saydullo murakkab jarrohlik amaliyotlarida assistentlik qildi. Angiografiya tekshiruvini mustaqil o‘tkazishni o‘rgandi. Markaziy klinikada professor Kosaku Amano bilan uchrashib, o‘quv seminarlarda uning ma’ruzalarini tingladi. Murakkab amaliyot jarayonlarida yonida turib, neyroendoskopik operatsiyalarni bajarish sirlarini o‘zlashtirdi. Yapon hamkasblariga O‘zbekiston va mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar haqida hikoya qiluvchi taqdimot marosimini ham o‘tkazdi. Malaka oshirish davrida to‘plangan bilimlari natijasi o‘laroq, yozgan ilmiy maqolasi chet el nashriyotida chop etildi. Eng muhimi, mazkur klinika bilan bizning RSHTYOIM Namangan filiali o‘rtasida memorandum imzolandi.
Neyrojarrohlik bo‘yicha respublikamizda hamda xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan bir necha xalqaro tadbirlar ishtirokchisi bo‘lmish Saydullo Sharifboyev Amerika neyroxirurglar assotsiatsiyasi va Yevropa neyroxirurglar jamiyati a’zosidir. U Yaponiya va boshqa mamlakatlarda olgan bilimlari va o‘zlashtirgan tajribalari bilan to‘xtab qolishni istamadi. 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida Buyuk Britaniyaning Sheffeld shahridagi «Xellamsher Qirollik shifoxonasi (Royal Hellamshare Hospital)«da malaka oshirish kurslarini o‘tadi.
Shifokor Angliya safari davomida bilimi va tajribasini mustahkamlash bilan birga mamlakatning tarixi va buguni, xalqining turmush tarzi, madaniyati va an’analari билан ham qiziqdi.
Qadrdon ona shahriga, jonajon mehnat jamoasiga ulkan taassurotlar bilan qaytar ekan, oldiga yanada kattaroq vazifalarni qo‘ydi. Ayni paytda neyrojarrohlik bo‘limiga murakkab operatsiyalarni yo‘lga qo‘yishda asqotadigan qimmatbaho tibbiyot jihozlarini olib kelish harakatida bo‘ldi. Shu maqsaddagi izlanishlarini davom ettirdi. 2018 yilda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan e’lon qilingan «Rivojlanayotgan davlatlar uchun kichik grantlar dasturida»da ishtirok etishi natijasida o‘zi ish faoliyatini olib borayotgan shifoxonaga Yaponiya elchixonasidan 110 ming AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni yutib oldi. Bu mablag‘ evaziga Germaniyaning “Karl Storz” kompaniyasida ishlab chiqarilgan «Neyroendoskop» apparati sotib olindi va shifoxonaga o‘rnatildi.
Saydullo 2019 yilda o‘z ustida izlanishlarni davom ettirib, Rossiyaning Moskva shahridagi N. N. Burdenko nomidagi Neyroxirurgiya ilmiy-amaliy markazida navbatdagi malaka oshirish kurslarida bo‘lib qaytdi va u yerda professor A. N. Shkarubo qo‘l ostida murakkab hisoblangan «Neyroendoskop» apparati yordamida kalla asosidagi o‘smalarni olish operatsiyalarini o‘rgandi. Hozirda «Neyroendoskop» apparati yordamida respublikamizda viloyatlar ichida birinchilardan bo‘lib gipofiz bezi o‘smalarida burun orqali operatsiya qilish usulini amalga tatbiq etdi. Bundan tashqari, bolalarda uchraydigan gidrotsefaliya kasalligida «Bosh miya III-qorinchasi tubini neyroendoskop apparati yordamida perforatsiyalash» operatsiyasini ham viloyatlar ichida birinchilardan bo‘lib muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Avvallari bunday murakkab, nozik operatsiyalar faqat dunyoning rivojlangan mamlakatlarida (G-20) amalga oshirilar va bu operatsiyalar uchun juda katta mablag‘ sarflanar edi. Bugunga kelib bunday murakkab operatsiyalar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialida ham amalga oshirilmoqda.
- Dunyoning rivojlangan davlatlariga borib, mashhur mutaxassislardan dars olib, malakam va bilimimni oshirib kelishimda bekiyos yordamlarini ayamayotgan RSHTYOIM Namangan filiali rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, - dedi Saydullo Sharifboyev so‘zini davom ettirib. - Buni Prezidentimizning yoshlarga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rliklari, yaratib berayotgan imkoniyatlari natijasi deb bilaman.
Sanjarbek HAMIDOV
O‘zA