Tibbiyotda ona-bola klassteri tashkil etiladi
Munosabat
Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlariga yo‘llagan tabrigida qayd etilganidek, xalqimiz salomatligini ta’minlash bundan buyon ham bosh vazifa bo‘lib qoladi.
Kelgusi besh yillikda yurtimiz tibbiyoti aholini rozi qiladigan tizimga aylanadi. Bu esa soha xodimlaridan yanada ko‘proq bilim va salohiyat, g‘ayrat-shijoat, fidoyilik talab etadi. Boisi, xalqimiz salomatligini asrash va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda tibbiyot xodimlarining xizmati katta.
Guvohi bo‘lib turganingizdek, inson manfaatlari yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasida sog‘liqni saqlash tizimi tubdan takomillashib boryapti. Jumladan, o‘tgan qisqa davrda tibbiyotning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy sanitariya, shoshilinch tez tibbiy yordam va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tizimi yaratildi. Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda. Onalar va bolalar salomatligi doimiy nazoratda.
Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan taqdirlanganlar orasida pediatrlar, onalik va bolalik yo‘nalishida xizmat qilayotgan hamkasblarimizning ko‘pligi meni yanada quvontirdi.
Taraqqiyot strategiyasida onalik-bolalikni muhofaza qilish borasida quyidagi topshiriqlar berilyapti. Birinchisi, ixtisoslashgan perenatal xizmatni aholiga yaqinlashtirish. Buning uchun mamlakatimiz bo‘yicha 46 ta tumanlararo perenatal markazini tashkil etamiz. Va bu tumanlararo perenatal markazlar eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi. Natijada biz onalar va go‘daklar o‘limi bo‘yicha dunyo standartlariga yaqinlashamiz.
Yana bir yo‘nalish, homilador ayolning birlamchi tizimdagi kuzatuvlarimizdagi muammolardan kelib chiqib belgilandi. Endilikda, biz ona-bola klassterini tashkillashtiramiz. Ona-bola klasteri olti etapdan iborat bo‘ladi.
Birinchi etap – bu mahalladagi patronaj hamshiraning har bir xonadondagi homilador ayolni erta aniqlashi, aniqlangandan keyin homilador ayolni tekshiruvlar bo‘yicha oilaviy shifokor va doyaga topshirishi, oilaviy shifokor va doya ayolni tekshirib, homiladorlik diagnozini qo‘yishi, keyin esa akusher ginekologga topshirishi, akusher ginekolog har bir tumandagi ayollar maslahatxonasida uni yagona elektron bazaga kiritishi va ayol bazaga kiritilgandan boshlab, bizning kuzatuvimizda bo‘lishi. Bu tizim kuzatuvlarimizning to‘liq, yuz foiz aniq bo‘lishini taminlaydi.
Ya’ni, ayol homiladorlik aniqlangan ilk kundan boshlab farzandini sog‘lom dunyoga keltirib, chillasi chiqqunicha ana shu elektron bazada kuzatuvda bo‘ladi. Shu tariqa homilador ayol bir kun ham nazoratdan chetda qolmaydi. Buning natijasida biz homiladagi barcha nuqsonlarni ertaroq aniqlashga va nogironlik ko‘rsatkichini kamaytirishga, onalar o‘limini kamaytirishga va eng asosiysi, go‘daklar o‘limini deyarli bartaraf etishga erishamiz. Keyingi besh yildagi vazifalarimiz ana shunday.
Elmira Bositxonova,
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari.