Tibbiyotda korrupsiya zarpechakmi?
Haqiqatdan bugun korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga toʻsqinlik qilib kelayotgan illatlardan biri.
Oliy majlis qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq hamda fuqarolarning sogʻligʻini saqlash qoʻmitalarining sogʻliqni saqlash vazirligi tizimida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish borasidagi ishlar haqidagi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning axborotini eshitishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Bundan bir oy muqaddam Oʻzbekismton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida “korrupsiya jamiyatni yemirmoqda. Bu kishandan ozod boʻlish choralarini koʻrishimiz va undan ozod boʻlishimiz kerak”.-degan edi.
Haqiqatdan bugun korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga toʻsqinlik qilib kelayotgan illatlardan biri. U jamiyatda oʻzining turli qiyofasini koʻrsatib, chirmovuq singari atrofni oʻrab olishga intilmoqda. Xususan tibbiyot sohasini ham.
Davlatimiz rahbari oʻz favoliyatining ilk kunlaridan boshlab sogʻliqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga sifatli tibbiy xizmatdan toʻlaqonli foydalanish imkonini yaratishga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Soʻnggi uch yilda sohaga oid 170 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi. Sohani moliyalashtirish hajmi yil sayin ortib bormoqda. 2019-yilda tibbiyot sohasiga 12,1 trillion soʻm ajaratilgan. Joriy yildagi eʼtibor ham bundan kam emas.
Masalan, birgina davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlashga oʻtgan yilga nisbatan 1,3 barobar koʻp yoki qariyb 1,5 trillion soʻm ajratilmoqda.
Yigʻilishda qayd etilganidek, eʼtibor davlat darajasida. Oʻzgarishlar bor. Tibbiy xizmat sifati ham yaxshilanmoqda. Lekin sogʻliqni saqlash sohasida kuzatilayotgan korrupsiyadan koʻz yumib boʻlmaydi. Baʼzi “shifokor” larning sodir etayotgan qingʻir ishlari tizimda olib borilayotgan xayrli amallarga soya solib turibdi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2018-2019-yillarda sogʻliqni saqlash xodimlarining 581 nafari turli jinoyatlar sodir etib, javobgarlikka tortilgan. Shulardan 114 nafarining qilgan qilmishi korrupsion jinoyat hisoblanadi. Xoʻsh, 2020-yil qanday boshlandi? Korrupsiyani oldini olish boʻyicha yangicha yondoshuvlar yuzaga keldimi?
Sogʻliqni saqlash vaziri deputatlarga bugungi holat, bu borada koʻrilgan va koʻrilayotgan amaliy choralar haqida axborot berdi.
Ayrim shifokorlarga toki qoʻli toʻlgunicha pora bermasang bemorga qaramaydi. Taʼmagirlarning soni ortib bormoqda. Tanishing boʻlmasa, taqdiringdan koʻrasan. Demak, endi bu illatga qarshi kurashishga jiddiy yondoshishning fursati yetdi, deyishdi yigʻilish ishtirokchilari.
Mavzu qiziq. Shu bois axborot beruvchilarga koʻplab savolllar berildi. Javoblardan qoniqish hosil qilinmadi.
Yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, sohada elektron xizmat koʻrsatish tizimini joriy etish va bu baloni tugatish boʻyicha boshqa bir qator takliflar bildirildi.
Vaqt — oliy hakam. Tibbiyotda korrupsiyaning ildizini batamom quritishda esa, fursatni boy bermaslik zurur.